FAO va O‘zbekiston o‘rtasida o’rmon va yer degradatsiyasiga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlik mustahkamlanmoqda
FAO va O‘zbekiston o‘rtasida o’rmon va yer degradatsiyasiga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlik mustahkamlanmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi hukumati va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonning qurg‘oqchilikka uchragan ekotizimlarida yaylovlar va o‘rmonlarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida Samarqand shahrida loyiha Boshqaruv kengashi yig‘ilishi hamda Amaliy hamkorlik kelishuvini imzolash marosimi o‘tkazildi.
Tadbir yer va o‘rmon resurslarini barqaror boshqarish, yer degradatsiyasini neytral balansiga erishish (LDN) bo‘yicha milliy maqsadlarga erishish hamda manfaatdor tomonlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi.
Tadbirda FAO O‘zbekiston vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, loyiha ekspertlari va manfaatdor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston sog‘lom yer resurslarini saqlab qolish va ularni barqaror boshqarish maqsadida LDN maqsadlariga erishishga qat’iy bel bog‘lagan. 2019 yilda tayyorlangan LDN ko‘rsatkichlarini belgilash hisobotida yer degradatsiyasi jarayonlari global tajriba asosida baholangan bo‘lib, ushbu loyiha mamlakatda barqaror yer va o‘rmon boshqaruvi bo‘yicha milliy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Loyiha doirasida LDN ko‘rsatkichlari va bazaviy darajalarini belgilash, yer degradatsiyasi va tiklanish o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash, innovatsion monitoring tizimlarini yo‘lga qo‘yish, o‘rmonlarni tiklash va yaylov unumdorligini oshirish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar keng qo‘llanmoqda. Buxoro viloyatining Jondor tumani hamda Navoiy viloyatining Nurota tumanida tanlangan landshaftlarda tiklashning eng samarali yer va o’rmonlarni barqaror boshqarish choralarini sinovdan o‘tkazish ishlari davom etmoqda.
Shuningdek, turli yer turlarida yo‘qotish va yutuqlarni muvozanatlashtirish, tur xilma-xilligini oshirish va suvdan foydalanish samaradorligini yaxshilashga qaratilgan innovatsion usullar joriy etilmoqda.
Yig‘ilishning asosiy maqsadi loyihaning joriy ijro holatini ko‘rib chiqish, keyingi faoliyatlarni belgilash va loyihaning samaradorligini oshirish uchun qo‘shimcha moliyalashtirish talab qilinmaydigan muddatga uzaytirishni (no-cost extension) ko‘rib chiqishdan iborat bo‘ldi. Tadbir, shuningdek, manfaatdor tomonlar o‘rtasida strategik muvofiqlikni mustahkamlash va barqaror yer hamda o‘rmon boshqaruvi bo‘yicha qo‘shma harakatlarni rag‘batlantirishga xizmat qildi.
Yig‘ilish davomida loyihaning amalga oshirilish holati, erishilgan natijalar, uchrayotgan qiyinchiliklar, o‘rganilgan saboqlar va takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar muhokama qilindi. Boshqaruv kengashi a’zolari tomonidan loyihaning moliyasiz muddatini uzaytirish taklifi ma’qullandi va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq qadamlar belgilandi.
Tadbir yakunida FAO va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi o‘rtasida Operasion hamkorlik kelishuvi rasman imzolandi. Ushbu hujjat loyihaning samarali amalga oshirilishi, vazifalar taqsimoti va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha tomonlarning mas’uliyatlarini mustahkamladi.