Valyuta kurslari 08/01/2026
$1 – 12033.28
UZS – 0,54%
€1 – 14060.89
UZS – 0,29%
₽1 – 149.30
UZS – 1,06%
Qidirish
FAO Qoraqalpog‘istonning chekka hududlarida qishloq xonadonlarini qo‘llab-quvvatlamoqda

FAO Qoraqalpog‘istonning chekka hududlarida qishloq xonadonlarini qo‘llab-quvvatlamoqda

FAO Qoraqalpog‘istonning chekka hududlarida qishloq xonadonlarini qo‘llab-quvvatlamoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil Qoraqalpog‘iston Respublikasining chekka hududlarida istiqomat qiluvchi qishloq aholisi uchun ijobiy yangiliklar bilan boshlandi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan tomorqa xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari topshirildi.

Mazkur texnik ko‘mak qishloq xo‘jaligi ishlarini samarali tashkil etish, yerga ishlov berish jarayonlarini yengillashtirish hamda uy xo‘jaliklari daromadlarini oshirishga qaratilgan.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumani Yesim mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi uchun 5 ta motokultivator yetkazib berildi. Ushbu texnikalar tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, ekin ekish jarayonlarini tezlashtirish va mehnat unumdorligini oshirish imkonini beradi.

Mazkur yordam Global ekologik jamg‘arma (GEF) tomonidan moliyalashtirilayotgan va FAO tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga taʻsirini baholash dasturi” (FOLUR-Oʻzbekiston)  loyihasi doirasida taqdim etildi.

Motokultivatorlar yerga ishlov berish, shudgorlash, kultivatsiya qilish, ariqcha olish va ekin ekishga tayyorlash jarayonlarini tez va sifatli bajarishda katta yordam ko‘rsatadi. Bu esa qishloq aholisining mehnatini yengillashtirish bilan birga, ishlab chiqarish hajmlarini oshirishga xizmat qiladi.

“Qishloq xo‘jaligi texnikalarini topshirish orqali biz qishloq aholisining daromadlarini barqaror oshirish, ularning oziq-ovqat bilan o‘zini ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish va iqlim o‘zgarishiga moslashuv salohiyatini kuchaytirishni maqsad qilganmiz”, — deydi FOLUR-Oʻzbekiston loyihasining milliy koordinatori Aziz Nurbekov.

Ta’kidlash joizki, loyiha doirasida Qoraqalpog‘istonda ekotizimlar degradatsiyasining oldini olish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish hamda tuproqni muhofaza qiluvchi va resurslarni tejovchi qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling