FAO Qoraqalpog‘istonda Milliy “Salomatlik marafoni”ni qo‘llab-quvvatladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Qoraqalpog‘iston Respublikasida Milliy salomatlik marafoni doirasida Nukus shahridagi Yoshlar markazida maktab o‘quvchilari uchun trening tashkil etdi.
Tadbir FAOning “Maktab ovqatlantirish dasturini sinovdan oʻtkazish orqali oziq-ovqat xavfsizligi va sogʻlom ovqatlanishni yaxshilashni qoʻllab-quvvatlash» loyihasi doirasida o‘tkazildi. Treningning maqsadi bolalarda sog‘lom va xavfsiz ovqatlanish ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, muvozanatli ovqatlanish va atrof-muhitga nisbatan mas’uliyatli munosabatni targ‘ib qilishdan iborat edi.
FAOning oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha milliy maslahatchilari 3–4-sinf o‘quvchilari uchun interaktiv mashg‘ulotlar o‘tkazishdi. O‘yinlar va muhokamalar orqali bolalar makro va mikronutrientlar, mavsumiy mahsulotlarni iste’mol qilishning foydasi, hamda to‘g‘ri ovqatlanishning sog‘liq va atrof-muhitga ta’siri haqida bilib olishdi.
Trening “Sog‘lig‘ingizni va atrof-muhitni asrash uchun qanday ovqatlanish kerak” nomli o‘quv qo‘llanmasiga asoslandi. Qo‘llanma O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya, gigiyena va kasbiy kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan FAO loyihasi doirasida ishlab chiqilgan. Shuningdek, bolalar uchun moslashtirilgan va rang-barang “Oziq-ovqat xavfsizligining besh kaliti” nomli plakat ham foydalanishga topshirildi.
Materiallarni tayyorlashdan avval FAO maslahatchilari Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi beshta maktabda o‘quvchilar o‘rtasida so‘rov o‘tkazib, ularning bilim darajasini baholadilar va materiallarni yosh xususiyatlariga moslashtirdilar.
Trening davomida bolalar qisqa FAO videoroliklarini tomosha qildilar, viktorinalarda ishtirok etishdi va esdalik sovg’alar bilan taqdirlandilar. Trenerlar bolalarni sog‘lom turmush tarziga rioya qilishga va foydali ovqat iste’mol qilishga undab, “Sog‘lom ovqatlanish – bu kuch, energiya va o‘zingiz hamda sayyorangizga g‘amxo‘rlikdir!”, deya ta’kidlashdi.
Ushbu tashabbus FAOning O‘zbekistonda maktablarda xavfsiz va sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib etish, shuningdek, yosh avlod o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan Milliy sog‘lomlik marafonini qo‘llab-quvvatlash borasidagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlarining bir qismidir.