FAO O‘zbekistonda qishloq ho‘jaligi va qishloq hududlarini gender holatini baholash” natijalarini eʼlon qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Qishloq ayollari va barqaror kelajak” mavzusidagi davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda davlat idoralari va vazirliklar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va nodavlat tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni ochish marosimida Orzigul Qozixonova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi, Nuriddin Qo‘shnazarov, Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi, hamda Mukarram Ahmedova, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari so‘zga chiqdilar.
Davra suhbati doirasida FAOning “O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarini gender holatini baholashi” (Country Gender Assessment – CGA) yangilangan hisoboti taqdim etildi. Hisobotni Elizabet Duban, FAO xalqaro konsultanti taqdim etdi. Sessiyani Dono Abdurazoqova, FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy ofisining gender va ijtimoiy himoya bo‘yicha katta maslahatchisi boshqardi.
“Bugungi seminar – bu nafaqat baholash natijalarini taqdim etish, balki kelgusi qadamlarni belgilash uchun ham muhim imkoniyatdir. Bu O‘zbekiston qishloq ayollariga o‘z salohiyatlarini to‘liq namoyon etish, hayot sharoitlarini yaxshilash hamda oziq-ovqat xavfsizligi, tabiiy resurslarni saqlash va barqaror rivojlanishga qo‘shayotgan bebaho hissalarini yana-da oshirish uchun amaliy yechimlar va tashabbuslarni birgalikda ishlab chiqish platformasidir.”– dedi Nuriddin Qo‘shnazarov, Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi.
Tadbir ishtirokchilari gender tengligini taʼminlash, qishloq ayollarining huquqlarini kengaytirish, resurslardan foydalanishdagi to‘siqlarni bartaraf etish va qishloq ayollarining salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha amaliy taklif va fikrlar bilan o‘rtoqlashdilar. Davra suhbati CGA hisoboti xulosalarini keng jamoatchilikka yetkazish, qishloq xo‘jaligi va qishloq rivojlanishida gender tengligining ahamiyatini yoritish, davlat organlari, fuqarolik jamiyati, donorlar va OAV ishtirokida muloqotni rag‘batlantirish hamda CGA tavsiyalarini amalga oshirish uchun hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
“Qishloq ayollarining imkoniyatlarini kengaytirish va ularni eshitish – barqaror rivojlanishning asosiy shartidir. FAO o‘z milliy hamkorlari bilan birgalikda qishloq ayollarining iqtisodiy va ijtimoiy rolini mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi”, — dedi Dono Abdurazoqova.
Tadbir yakunida FAO, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi vakillari gender tengligini taʼminlash va qishloq ayollarining rolini mustahkamlash bo‘yicha o‘zlarining qatʼiy sadoqatini yana bir bor tasdiqladilar. FAO o‘z mandati doirasida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi strategiyalariga gender yondashuvini joriy etish hamda barqaror kelajak uchun ayollarning faol ishtirokini taʼminlash yo‘lida milliy hamkorlar bilan hamkorlikni davom ettiradi.