FAO ko‘magida O‘zbekistondagi qishloqlar xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi, fermerlar esa zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlanmoqda
FAO ko‘magida O‘zbekistondagi qishloqlar xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi, fermerlar esa zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlanmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyatidagi Novkent va Yuksalish qishloqlari FAO bosh qarorgohi (Rim shahrida) tomonidan amalga oshirilayotgan qishloqlarni tan olish tashabbusi doirasida xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lib, FAO Bosh direktori tomonidan sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Mazkur e’tirof qishloqlarda barqaror rivojlanish, tabiiy meros va biologik xilma-xillikni asrash, shuningdek innovatsion yondashuvlar asosida mahalliy oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirish borasida erishilgan natijalarni aks ettiradi. Natijada ushbu qishloqlar FAOning Rim shahridagi bosh qarorgohi huzurida faoliyat yurituvchi MuNe — Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi muzeyi va tarmog‘iga kiritildi.
MuNe platformasi e’tirof etilgan qishloqlarni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, shuningdek mamlakatlar o‘rtasida bilim va tajriba almashinuvini rivojlantirishga xizmat qiladi.
“Qishlog‘imizning xalqaro darajada e’tirof etilishi biz uchun katta sharafdir. Bu aholimizning an’analarni asrab-avaylash, tabiiy resurslarni muhofaza qilish va barqaror daromad manbalarini rivojlantirish borasidagi umumiy sa’y-harakatlarini aks ettiradi,” dedi Novkent MFY raisi Azizov Asqarali.
Shu bilan birga, FAO O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda “Kelajak avlod uchun aqlli qishloq xo‘jaligi” loyihasi doirasida innovatsion yechimlarni joriy etish orqali qishloq hududlarini rivojlantirishni davom ettirmoqda.
Vodiyga tashrif doirasida Farg‘ona vodiysidagi issiqxonachi tomorqa yer egalari uchun zamonaviy meva quritish uskunalari topshirildi. Jami 30 ta uskuna taqsimlandi: 13 tasi Namangan viloyatiga, 10 tasi Andijon viloyatiga va 7 tasi Farg‘ona viloyatiga berildi.
Mazkur uskunalar mahsulotlarni uzoq muddat saqlash, qayta ishlash va qadoqlash imkoniyatlarini kengaytirib, fermerlar daromadini oshirishga, hosil yo‘qotilishini kamaytirishga hamda bozorlarga chiqish imkoniyatlarini yaxshilashga xizmat qiladi.
“FAO bizni bir necha yillardan buyon qo‘llab-quvvatlab kelmoqda, jumladan issiqxona tashkil etishda yordam berdi. Bu ishlab chiqarish samaradorligini sezilarli darajada oshirdi. Olingan daromadlardan farzandlarimizni oliygohlarda o‘qityapmiz. Endi esa meva quritish uskunasi orqali mahsulotlarimizni qayta ishlab, qo‘shimcha daromad olish imkoniyatiga ega bo‘ldik,” dedi Namangan viloyatidan loyiha ishtirokchisi Mahmudova Gulchexraxon.
Mazkur tashabbuslar FAOning O‘zbekistonda innovatsiyalarni ilgari surish, mahalliy hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlash hamda barqaror qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirish borasidagi izchil sa’y-harakatlarini aks ettiradi.