Valyuta kurslari 03/10/2025
$1 – 12099.72
UZS – 0,13%
€1 – 14223.22
UZS – 0,18%
₽1 – 148.90
UZS – 1,49%
Qidirish
FAO delegatsiyasi Qirg‘izistonda sun’iy muzlik texnologiyalarini o‘rganib, O‘zbekistonda suv tanqisligiga yechim izlamoqda

FAO delegatsiyasi Qirg‘izistonda sun’iy muzlik texnologiyalarini o‘rganib, O‘zbekistonda suv tanqisligiga yechim izlamoqda

FAO delegatsiyasi Qirg‘izistonda sun’iy muzlik texnologiyalarini o‘rganib, O‘zbekistonda suv tanqisligiga yechim izlamoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Qirg‘iz Respublikasi Batken viloyatiga uch kunlik o‘quv safarini amalga oshirdi. Ushbu tashrif “Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga taʻsirini baholash dasturi” (FOLUR-Oʻzbekiston) loyihasi doirasida o‘tkazilib, safarning maqsadi mavsumiy suv tanqisligiga qarshi kurashishda innovatsion sun’iy muzlik texnologiyalarini o‘rganish bo‘ldi.

Delegatsiyaga sun’iy muzlik texnologiyalarini FAOning Qirg’izistondagi Milliy loyiha menejeri va suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha ekspert Matraim Jusupov tanishtirdi. U nazariy mashg‘ulotlar hamda dala tashriflari davomida tizimning amaliy jihatlarini tushuntirib berdi. Birinchi kuni delegatsiya sun’iy muzlik konsepsiyasi bo‘yicha taqdimotda ishtirok etdi, ikkinchi kuni esa tog‘li hududlardagi pilot loyihalarni ko‘zdan kechirib, quvurlar, vertikal purkagichlar va suv ta’minoti tizimining ishlashini kuzatdi. Mahalliy aholining mehnati va hissasi tufayli qurilgan ushbu inshootlar barqarorligi va samaradorligi bilan ajralib turdi.

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligining 90 foizdan ortig‘i sug‘orishga bog‘liq. So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi, yog‘ingarchilikning notekis taqsimlanishi va tabiiy muzliklarning tez erishi sababli suv tanqisligi kuchaymoqda. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida suv resurslari yetishmovchiligi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga va aholining turmushiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

FAO mutaxassislari ta’kidlashicha, sun’iy muzlik texnologiyasi O‘zbekiston sharoitida iqlim barqarorligini mustahkamlash va suv resurslarini samarali boshqarishda istiqbolli yechimlardan biri bo‘lishi mumkin.

Batkendagi tajriba shuni ko‘rsatdiki, mahalliy hamjamiyatlar oddiy, arzon va innovatsion texnologiyalarni o‘zlashtirish orqali suv ta’minotini yaxshilashga va o‘z turmush sharoitlarini barqarorlashtirishga erisha oladi. Bu tajriba aholining infratuzilmaviy muammolarni hal qilishda bevosita ishtirok etishiga zamin yaratdi, ayniqsa, ular tomonidan tan olingan va mahalliy sharoitlarga moslashtirilgan yechimlar orqali. Gravitatsiyaviy asosdagi suv yetkazish tizimlari, yomg‘ir suvini yig‘ish inshootlari va kichik hajmdagi sug‘orish texnologiyalarining joriy etilishi tufayli suvga bo‘lgan doimiy ehtiyoj kamaydi, uy xo‘jaliklari daromadlari barqarorlashdi va ayniqsa ayollar hamda yoshlarning suv bilan bog‘liq og‘ir mehnat yuki sezilarli darajada yengillashdi. Shu bilan birga, suv resurslaridan foydalanishda ekologik yondashuvlar mustahkamlanib, aholi orasida atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi ong va javobgarlik oshdi. Ushbu tajriba natijalari FOLUR loyihasining agroekologik tamoyillari va integratsiyalashgan landshaft boshqaruvi maqsadlariga to‘liq mos keladi. Batkendagi yondashuv O‘zbekistondagi shunga o‘xshash iqlimiy va ijtimoiy sharoitlarda ham muvaffaqiyatli tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan model sifatida qaralmoqda.

FOLUR-Oʻzbekiston loyihasi koordinatori Aziz Nurbekovning ta’kidlashicha - Sun’iy muzlik texnologiyasi bo‘yicha FAO delegatsiyasi faqat Qirg‘iz tajribasi bilan cheklanmay, Hindiston, Pokiston va boshqa davlatlarda ham qo‘llanilayotgan ilg‘or yondashuvlar bilan tanishmoqda. Jumladan, Hindistonning Ladakh mintaqasida "Ice Stupa" deb ataluvchi sun’iy muzliklar orqali qishloq xo‘jaligida bahorgi sug‘orish suvi manbalari yaratilmoqda. Pokistonda ham shunga o‘xshash texnologiyalar yordamida suv tanqisligi sharoitida daryo suvidan muzlik shaklida zahira yaratilib, vegetatsiya davrida undan bosqichma-bosqich foydalanilmoqda. Ushbu xalqaro tajribalar Qirg‘izistondagi amaliyot bilan birgalikda O‘zbekiston togʻli hudularida yashaydigan aholining urf odatalridan va mahalliy sharoitdagi talablardan kelib chiqqan holda sun’iy muzliklardan samarali foydalanish istiqbollari bor ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Safar yakunida delegatsiya O‘zbekiston sharoitida texnik-iqtisodiy asoslash va gidrologik tadqiqotlar o‘tkazish, mutaxassislar va fermerlar uchun trening va o‘quv safarlarini tashkil etish, mahalliy hamjamiyatlarni mehnat va ham-moliyaviy ishtirok orqali jalb qilish, sun’iy muzliklarni tomchilatib sug‘orish va yaylov boshqaruvi bilan uyg‘unlashtirish hamda raqamli monitoring tizimlarini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

FAO O‘zbekiston FAO Qirg‘iziston va boshqa mintaqaviy hamkorlar bilan hamkorlikni davom ettirib, ushbu innovatsion yondashuv bo‘yicha bilim va tajriba almashinuvini kengaytiradi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling