Fanlar akademiyasi faoliyati takomillashtiriladi
Fanlar akademiyasi faoliyati takomillashtiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorni qabul qilishning asosiy maqsadlari quyidagilarni amalga oshirish orqali Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish hisoblanadi:
yangi ilmiy ishlanmalar soni va tijoratlashtirishdan olinadigan mablag‘lar hajmini 3 baravarga oshirish;
ilmiy xodimlar tarkibida yoshlar ulushini 60 foizgacha oshirish;
xorijiy mamlakatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan ilmiy diasporani O‘zbekiston ilm-faniga reintegratsiya qilish.
Qarorga ko‘ra, Fanlar akademiyasining yangi ishlanmalarini tijoratlashtirish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida Fan va sanoat integratsiyasi kengashi tashkil etiladi.
2026 yildan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi barcha ilmiy loyihalarning sifatini oshirish maqsadida ularni ilmiy ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha ilmiy-texnik kengashlar tarkibiga Fanlar akademiyasi taklifiga asosan hamrais nomzodi kiritiladi.
2026 yil 1 apreldan Fanlar akademiyasi o‘z tizimidagi ilmiy muassasalarda xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda ilmiy xodimlar faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) va ilmiy muassasalar faoliyat samaradorligini baholash bo‘yicha reyting tizimini joriy etadi.
2026 yil 1 yanvardan ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh olimlarni jalb qilish va strategik ahamiyatga ega ilmiy yo‘nalishlarni barqaror moliyalashtirish maqsadida Fanlar akademiyasi jamg‘armasi tashkil etiladi.