“Euronews” :O‘zbekiston gidroenergetikasini jahonga targ‘ib qilmoqda
“Euronews” :O‘zbekiston gidroenergetikasini jahonga targ‘ib qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yevropaning nufuzli axborot platformalaridan biri — “Euronews” telekanali O‘zbekistonda gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangiliklar va strategik loyihalarga doimiy ravishda katta eʼtibor qaratmoqda. Kanal tomoshabinlari hozirda mamlakatimizda ishga tushirilgan yirik gidroenergetik inshootlar haqida tayyorlangan maxsus tahliliy videolavhalarni efirga uzatdi.
Shu kunlarda telekanal efirida “O‘zbekgidroenergo” AJ hamkorligida tayyorlangan, O‘zbekistonning yangi gidroenergetika salohiyatini yorituvchi videolavhalar takroriy berilib, xalqaro auditoriyaga taqdim etilmoqda. Materiallar mamlakatimizda barpo etilayotgan zamonaviy, ekologik toza energiya manbalari haqida obyektiv va taqdirlovchi axborotni yetkazishga xizmat qilmoqda.
“Euronews” efirida eʼtibor markazida bo‘lgan loyihalardan biri — bu yaqinda ishga tushirilgan “Norin” milliy GESidir. Videolavhada ushbu stansiyaning mamlakat energetika xavfsizligini taʼminlashdagi o‘rni, uning texnik ustunliklari va ishlab chiqarish quvvatlari atroflicha yoritilgan.
Shuningdek, lavhada Markaziy Osiyoda yagona gidroturbina va gidrotexnik uskunalar ishlab chiqaruvchi “Uzhydropower” zavodi faoliyati haqida ham batafsil maʼlumot beriladi. Ushbu korxona Norin GESi uchun zarur asbob-uskunalar tayyorlagani va mahalliy sanoatning salohiyati oshib borayotgani alohida taʼkidlangan.
“Euronews” videolavhasida shuningdek, yaqin kelajakda ishga tushirilishi kutilayotgan energiya manbalari, jumladan, xalqaro grant loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan “Chorvoq” shamol elektr stansiyasi ham tilga olinadi. Bu loyiha mamlakatning qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirishda muhim rol o‘ynashi kutilmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda gidroenergetika yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar tahlili shundan dalolat bermoqdaki, mamlakat barqaror rivojlanish yo‘lida jiddiy qadam tashlamoqda. Yangi GESlar, modernizatsiya ishlari va shamol energiyasiga oid loyihalar energetika tizimini mustahkamlash bilan birga, atrof-muhit muhofazasi, energiya tanqisligini bartaraf etish va aholiga toza elektr energiyasi yetkazib berish kabi muhim strategik maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Bugungi izchil islohotlar natijasida O‘zbekiston mintaqa miqyosida ekologik toza energiya ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi mamlakatlardan biriga aylanib bormoqda.
“Euronews” tomonidan amalga oshirilayotgan yorituvlar esa mamlakatimizning xalqaro imijini yana-da mustahkamlashga xizmat qilmoqda.