Eron JCH o‘yinlarini Meksikaga ko‘chirish bo‘yicha muzokara qilmoqda
Eron JCH o‘yinlarini Meksikaga ko‘chirish bo‘yicha muzokara qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Toj mamlakat jahon chempionati doirasidagi o‘z o‘yinlarini AQSH o‘rniga Meksikada o‘tkazish masalasida FIFA bilan muzokaralar olib borayotganini maʼlum qildi. Qaror AQSH va Isroil tomonidan amalga oshirilgan aviahujumlardan so‘ng futbolchilar xavfsizligiga tahdid paydo bo‘lgani bilan bog‘liq. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
«Tramp ochiqchasiga Eron milliy jamoasi xavfsizligini kafolatlay olmasligini aytgan ekan, biz, albatta, Amerikaga bormaymiz», — deb yozdi Toj Eronning Meksikadagi elchixonasi X platformasidagi akkauntida. Hozircha FIFA tomonidan rasmiy izoh berilmagan.
Eron jamoasi Osiyo saralashining uchinchi bosqichida o‘z guruhida birinchi o‘rinni egallab, qator to‘rtinchi bor jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. Turnir 11 iyun kuni boshlanib, AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkaziladi. Eron jamoasi guruh bosqichida ikki o‘yinni Los-Anjelesda, yana birini Sietlda o‘tkazishni rejalashtirgan edi. G guruhida jamoaning raqiblari Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya bo‘ladi.
O‘yinlarni Meksikaga ko‘chirish jiddiy logistik muammolarni keltirib chiqaradi, ammo xalqaro amaliyotda xavfsizlik yoki geosiyosiy sabablarga ko‘ra o‘yin o‘tkazish joyi o‘zgartirilgan holatlar uchrab turadi. Masalan, 2025 yil sentyabr oyida Shotlandiya terma jamoasi Belarusga qarshi saralash o‘yinini Ukrainadagi vaziyat bilan bog‘liq xavfsizlik tahdidlari sabab Vengriyaning Zalaegerseg shahrida o‘tkazgan. Shuningdek, o‘tgan yili Hindiston siyosiy sabablarga ko‘ra Chempionlar kubogi doirasidagi barcha o‘yinlarini Pokistondan tashqarida o‘tkazgan.
Agar FIFA o‘yinlarni ko‘chirishni maʼqullamasa, Eronning AQSHda o‘tadigan turnirda ishtirok etishi imkonsiz bo‘lib qolishi mumkin. O‘tgan hafta Eron sport vaziri AQSH va Isroil tomonidan Tehronga qilingan aviahujumlardan so‘ng futbolchilar ishtirok etishi xavf ostida qolganini bildirgan, ushbu hujumlar natijasida Islom Respublikasining oliy rahbari halok bo‘lgan.
Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) maʼlum qilishicha, hozircha Eronning turnirdan chiqishi bo‘yicha rasmiy xabar kelib tushmagan. «Yakuniy qaror federatsiya tomonidan qabul qilinadi va hozircha u jahon chempionatida ishtirok etishni rejalashtirmoqda», — dedi AFC bosh kotibi Uindzor Jon Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.