Eron elchisi: «Trampning “Titanigi” to‘xtatiladi»
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistondagi Eron Islom Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhammadali Iskandariy Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar yuzasidan keskin va oshkora bayonot bilan chiqdi. Unda Isroilning harakatlari davlat agressiyasi va terrorizmi sifatida taʼriflandi.
«Sionistik rejim mustaqil davlat — Eron Islom Respublikasiga qarshi yangi tajovuz to‘lqinini boshladi. Bu terror amallari Eron olimlari va harbiy qo‘mondonlarini yo‘q qilishga qaratilgan davlat terrorizmi shaklida namoyon bo‘ldi. Bu majburlangan urush aynan Eronga nisbatan muzokaralar olib borilayotgan paytda boshlandi», — dedi elchi.
Elchining taʼkidlashicha, bu hujum BMT Xavfsizlik Kengashi sanksiyasiz amalga oshirilgan, holbuki mazkur tuzilma xalqaro tinchlikni taʼminlashga masʼul. Hech qanday to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid mavjud emasdi va kuch ishlatish asoslanmagan. Agressiya uchun javobgarlik ham yuklanmadi. «Bunday xavfli tendensiya dunyo davlatlariga bir tomonlama harakat qilishga “yashil chiroq” yoqib beradi», — dedi elchi.
Uning taʼkidlashicha, xalqaro atom energiyasi agentligining (XAEA) roli ham jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Elchi agentlik rahbarini xiyonatda ayblab, tashkilotni hujumlar uchun vositaga aylantirganini bildirdi: «Tarixda ilk bor XAEA nazorati ostida bo‘lgan tinch obyekt hujumga uchradi, lekin hanuzgacha buga nisbatan birorta ham mahkumlov bayonoti chiqmadi».
Iskandariy taʼkidlashicha, hujum qilgan davlat agentlik aʼzosi emas, yadroviy qurolga ega va birorta ham yadroviy, kimyoviy yoki biologik qurollarni cheklash bo‘yicha xalqaro konvensiyani imzolamagan. Shu bilan birga, AQSHdan ochiq qo‘llab-quvvatlash olmoqda.
U sobiq AQSH prezidenti Donald Trampni keskin tanqid qildi va uning siyosatini «xalqaro tartibni yo‘q qilishga qaratilgan siyosat» deb atadi. «U 13 millionlik Tehron aholisi shaharni tark etishini talab qilmoqda. Ushbu millionlab odamlar — turli musulmon mamlakatlardan kelib, AQSH agressiyasidan qochib, Tehronda boshpana topgan fuqarolardir», — dedi elchi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Trampning so‘zlariga endi biror millat, hatto amerikaliklarning o‘zi ham ishonmaydi.
Elchi AQSH va Isroilning global hukmronlikka intilishini tanqid qilib, ularning harakatlarini «Nildan Yevfratgacha» doktrinasi amalga oshishi deb baholadi. U buni «zamonaviy qurollar va xalqaro institutlar niqobi ostida dunyoga majburiy tarzda tiqishtirilayotgan yangi varvarlik shakli» deb atadi.
«Sionistik rejimning haqiqiy tajovuzkor tabiati hech kimga sir emas — buni G‘azo, Livan, Yaman va endi Erondagi insoniyatga qarshi jinoyatlar ko‘rsatmoqda», — dedi elchi. Unga ko‘ra, G‘arb propagandasi qanchalik kuchli bo‘lmasin, haqiqatni yashira olmaydi.
Elchi xalqaro hamjamiyatni agressiya aktlarini zudlik bilan va qatʼiy ravishda mahkum etishga chaqirdi. «Bunday jinoyatlar oldida sukut qilish — bu hamjinoyatchilik va tajovuzkorni rag‘batlantirishdir… Haqiqat va adolat tarafini olish — bu nafaqat mumkin, balki qonuniydir», — dedi u.
Shuningdek, Iskandariy eron xalqi muzokaralarga muzokara bilan, urushga esa urush bilan javob qaytarganini taʼkidladi. «Ularning quroli — “Allohu Akbar”, ilm va tamaddun bilan birga, ularni qo‘llab-quvvatlaydi», — dedi u.
Elchi bayonotini tarixiy o‘xshatish bilan yakunladi:«Firʼavn qanchalik kuchli bo‘lmasin, nur va adolatga qarshi kurashda oxir-oqibat yengildi… Shuningdek, Trampning “Titanigi” ham, qanchalik qudratli va dabdabali ko‘rinmasin, to‘xtatiladi. Inshaalloh», — deya xulosa qildi Muhammadali Iskandariy.