Erdog‘an ikki davlat strategik kengashida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyuradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an mamlakat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan tabriknomasida Turkiya–O‘zbekiston yuqori darajadagi strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishida ishtirok etish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurishini maʼlum qildi.
Erdog‘an Shavkat Mirziyoyev va butun O‘zbekiston xalqini Mustaqillik bayrami bilan samimiy tabriklab, 34 yil mobaynida, ayniqsa, o‘zbek yetakchisi rahbarligida mamlakatning «xalqaro maydondagi mavqei tobora mustahkamlanib, ravnaq topayotgan va farovon rivojlanayotganini» taʼkidladi.
Turkiya Prezidenti ikki tomonlama munosabatlarning ahamiyatiga to‘xtalib, umumiy insoniy rishtalarga asoslangan aloqalar nafaqat ikki davlat o‘rtasida, balki Turkiy davlatlar tashkiloti kabi ko‘p tomonlama formatlarda ham izchil rivojlanayotganini qayd etdi.
Xatda shuningdek, Erdog‘an yaqinlashib kelayotgan Strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrifini katta intizorlik bilan kutayotganini bildirdi.
Maktub yakunida u Shavkat Mirziyoyevga sog‘lik va baxt, O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik va ravnaq tiladi.