Energetika vazirligi: Yangi-Angren IES 2025 yilning birinchi yarmida atmosferaga emissiya standartlariga mos keladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan Yangi Angren IESda mavjud chang-gaz tozalash uskunalarini ishlab chiqarishdan hosil bo‘lgan ifloslantiruvchi moddalarni tozalash samaradorligi yetarlicha bo‘lmaganligi sababli Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-apreldagi 202-sonli qaroriga asosan kompensatsiya hisob-kitob qilinib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar berilganligi to‘g‘risida xabar e’lon qilindi.
Ta’kidlash lozimki, Yangi Angren IES Toshkent viloyatining sharqiy hududlari va Farg‘ona vodiysini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi muhim ahamiyatga ega yirik energoinshoot hisoblanadi. Stansiyada yiliga 5 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va bu 2 mln xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Stansiyada Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tasdiqlangan atmosfera havosi uchun belgilangan, yo‘l qo‘yiladigan cheklangan kvotadan oshmaydigan atmosfera havosiga tashlanadigan ifloslantiruvchi moddalar hisob-kitoblari keltirilgan bo‘lib, amalda 2025-yilning 1-yarim yilligida tashlanadigan ifloslantiruvchi moddalar belgilangan me’yordan oshmagan bo‘lib, ushbu ko‘rsatgichlar Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan ham tasdiqlangan.
Ayni paytda Yangi Angren IESda hosil bo‘lgan ifloslantiruvchi moddalarni tozalash samaradorligini oshirish bo‘yicha 2028-yilgacha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan.
Yangi Angren IESda mavjud elektr filtrlarining mukammal va joriy ta’miri amalga oshirildi. Bu bilan elektr filtrlarning samaradorligini 84%dan 96% gacha ko‘tarishga erishildi.
Navbatdagi bosqichda qozon-qurilmalarini ta’mirlash, ularga zamonaviy elektr filtrlarini o‘rnatish vositasida ifloslantiruvchi moddalarning atmosferaga tashlanishini sezilarli darajada kamaytirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, o‘rganish natijalari bo‘yicha Yangi Angren IESda Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi” bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar izchil davom ettirib boriladi.