Energetika vazirligi: Muynoqda qazilma qudug‘idan gaz chiqishi lokallashtirildi, aholi uchun xavf yo‘q
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 27 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonda gazning nazoratsiz oqib chiqishi haqida tarqalgan xabarlarga O‘zbekiston Energetika vazirligi rasmiy izoh berdi.
Vazirlik maʼlumotiga ko‘ra, 26 iyul kuni Mo‘ynoq tumani, “Uchsoy” OFY hududida joylashgan “Muynoq” konida olib borilayotgan burg‘ilash ishlari davomida 5000 metr chuqurlikka mo‘ljallangan 1-sonli quduqda 4707 metr chuqurlikdan gaz chiqishi kuzatildi. Bu quduq — ushbu konda burg‘ilash ishlari boshlangan birinchi quduq hisoblanadi.
Gaz bosimi kutilgan darajadan yuqori bo‘lganligi sababli, barcha xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda quduqni likvidatsiya qilish va bosimni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Voqea sodir bo‘lgan paytdan boshlab barcha tegishli tashkilotlar — “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi boshchiligidagi Jamiyatga qarashli “Ochiq neft va gaz favvoralarini oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismining Markaziy harbiylashtirilgan nazorat otryadi”, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “O‘zbekgeofizika” AJ hamda mahalliy hokimiyat mutasaddilari voqea joyida bo‘lib turibdi.
Vazirlik maʼlumotlariga ko‘ra, ushbu quduq aholi yashash joyidan uzoqda va gaz tarkibida oltingugurt yo‘q bo‘lgan toza metan hisoblanadi. Qayd etish joizki, Ustyurt hududidagi barcha konlardan olinadigan tabiiy gaz tarkibida oltingugurt uchramaydi.
Energetika vazirligi vaziyat to‘liq nazoratda ekanini maʼlum qildi va holat rivojiga qarab qo‘shimcha axborot taqdim etilishini bildirdi.