Endilikda 1 kunda faqat 1 ta bankdan onlayn kredit olishga ruxsat etiladi
Endilikda 1 kunda faqat 1 ta bankdan onlayn kredit olishga ruxsat etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda onlayn-kredit olishga cheklov joriy etilmoqda — 1 kunda 1 tadan ortiq kredit olish mumkin emas. Tegishli normalar aholiga moliyaviy xizmatlarni masofadan ko‘rsatishda axborot va kiberxavfsizlikni kuchaytirish, shuningdek kredit sohasidagi firibgarlikning oldini olishga qaratilgan yangi tartibda nazarda tutilgan.
Adliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda Kredit va to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimi operatorlari tomonidan jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash hamda frod holatlarining oldini olish bo‘yicha minimal talablar to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat 2026 yil 21 yanvarda 3759-raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Tasdiqlangan talablarga muvofiq, onlayn-kredit olish uchun ariza topshirilganda kredit tashkiloti eng avvalo ariza beruvchi haqidagi maʼlumotlarni kredit shartnomalarini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestrida tekshirishi shart. Agar ushbu reyestrda ariza beruvchi haqida maʼlumot mavjud bo‘lmasa, arizani ko‘rib chiqish belgilangan tartibda davom ettiriladi.
Shu bilan birga, bir vaqtning o‘zida bir nechta onlayn-kredit rasmiylashtirish imkoniyatini istisno etuvchi mexanizm joriy etilmoqda. Agar jismoniy shaxsning bir xil shaxsiy identifikatsiya raqami — JSHSHIR bo‘yicha kredit byurolariga bir vaqtning o‘zida bir nechta kredit tashkilotidan so‘rovlar kelib tushsa, ko‘rib chiqish va qayta ishlash uchun faqat vaqt jihatidan birinchi bo‘lgan so‘rov qabul qilinadi.
Birinchi so‘rov yuborgan kredit tashkiloti ushbu JSHSHIR bo‘yicha onlayn kredit rasmiylashtirilganligini maʼlum qilsa, kredit byurolari mazkur JSHSHIR bo‘yicha boshqa kredit tashkilotlariga 24 soat davomida so‘rov qabul qilinmasligi to‘g‘risida maʼlumot beradi.
Ushbu normalarning joriy etilishi aholining ortiqcha qarz yuki xavfini kamaytirish, fuqarolar huquqlarini himoya qilish, moliyaviy tizim barqarorligini oshirish, shuningdek kreditlarni masofadan rasmiylashtirishda firibgarlik sxemalarining oldini olishga qaratilgan.