Elektrotexnika sanoatida xomashyoni chuqur qayta ishlash rag‘batlantiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Elektrotexnika sanoatida xomashyoni chuqur qayta ishlashni rag‘batlantirish, sohaning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Elektrotexnika sanoatida erishiladigan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
2026 yilda eksport geografiyasini 80 ta davlatga va eksport hajmini 3 milliard dollarga;
2030 yilda mis xomashyosini birja savdolariga chiqarish hajmini 225 ming tonnaga yetkazish.
Qarorga ko‘ra, 2026–2027 yillarda elektrotexnika sanoati korxonalari bo‘lgan barcha toifadagi tadbirkorlik subyektlariga aylanma mablag‘ uchun, shu jumladan, mis xomashyosini xarid qilishga ajratiladigan tijorat banklari kreditlari bo‘yicha “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati hisobidan, kredit miqdoridan qatʼi nazar, uning 20 milliard so‘m ekvivalentidan oshmagan qismi bo‘yicha:
foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining ikki baravaridan ortiq bo‘lmagan milliy valyutadagi kreditlarning asosiy stavkadan 4 foiz punkt yuqori qismi, lekin 10 foiz punktdan oshmagan miqdorda;
xorijiy valyutadagi kreditlar foiz stavkasining 6 foizdan yuqori qismi, biroq 5 foiz punktdan oshmagan miqdorda tadbirkorlik subyektining barqarorlik reytingidan qatʼi nazar kreditning to‘liq muddatiga kompensatsiya qilib beriladi;
10 milliard so‘m ekvivalentigacha, biroq kreditning 50 foizidan ortiq bo‘lmagan qismiga kafillik taqdim etiladi.