Valyuta kurslari 18/06/2025
$1 – 12668.14
UZS – -0,37%
€1 – 14640.57
UZS – -0,61%
₽1 – 161.15
UZS – -0,37%
Qidirish
Iqtisod 17/06/2025 Elektrotexnika sanoati korxonalariga MES tizimini joriy qilish o'rganilmoqda

Elektrotexnika sanoati korxonalariga MES tizimini joriy qilish o'rganilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 17-iyun kuni “O‘zeltexsanoat” uyushmasi mas'ullari va uyushmaga a’zo elektrotexnika sanoati korxonalari vakillari Turkiya Respublikasiga xizmat safari doirasida “Trex Digital Manufacturing” kompaniyasida bo‘lishdi.

Tashrifdan asosiy maqsad — sanoat sohasida joriy etilayotgan raqamlashtirish yechimlari, xususan, MES (Manufacturing Execution System) tizimining ishlab chiqarishdagi real amaliyotini o‘rganish hamda ushbu texnologiyalarni O‘zbekiston sanoatiga joriy etish istiqbollarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv davomida:

MES tizimining ishlab chiqarish jarayonlarini real vaqt rejimida boshqarishdagi roli;

Mahsulot sifati nazoratini raqamlashtirish;

Operatsion xarajatlarni kamaytirish va tannarxni optimallashtirish mexanizmlari;

Jarayon shaffofligi funksiyalari bo‘yicha tajribalar atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, tomonlar o‘rtasida O‘zbekiston elektrotexnika sanoati korxonalarida MES tizimini joriy etish bo‘yicha texnik va iqtisodiy hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan dastlabki kelishuvlar muhokama qilindi.

Mazkur tashrif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-yanvardagi PQ-20-sonli qarorida belgilangan sanoatni raqamlashtirishga oid ustuvor vazifalarni amalga oshirish yo‘lidagi amaliy qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi tomonidan elektrotexnika sohasida ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy qilish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mahsulot raqobatbardoshligini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlar izchil davom ettirilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling