Elektromobillarni quvvatlash stansiyalari faoliyati bilan bog‘liq senator so‘rovi yuborildi
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalari faoliyati bilan bog‘liq senator so‘rovi yuborildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Mamlakatimizda elektromobillarni rivojlantirish, ularni quvvatlash stansiyalari infratuzilmasini kengaytirish va ekologik toza transport turlaridan foydalanishni rag‘batlantirish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Fuqarolik jamiyati, tadbirkorlar va mutasaddilar tomonidan elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini tashkil etish va elektromobillarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlillar elektromobillarni quvvatlash stansiyalari faoliyatida ayrim kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Xususan, so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda mazkur sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan o‘rnatilgan elektromobillar hamda quvvat oluvchi gibrid transport vositalari uchun mo‘ljallangan quvvatlash stansiyalarini elektr tarmog‘idan vaqtincha uzib qo‘yish va ularning faoliyatini cheklash bilan bog‘liq holatlar haqida xabarlar tarqalgani jamoatchilikning haqli noroziligidan darak beradi.
Mazkur holatlarni inobatga olib, Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kobuljon Tursunov O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jurabek Mirzamaxmudov nomiga senator so‘rovi yubordi.
Senator elektromobillar va quvvat oluvchi gibrid transport vositalari uchun quvvatlash stansiyalarini elektr tarmog‘idan uzish va ularning faoliyatini cheklash sabablari, mazkur stansiyalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, tegishli infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, shu kabi salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan kelgusidagi rejalar yuzasidan asoslantirilgan maʼlumot taqdim etish so‘ragan.