Elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari uchun asbob-uskunalar bojxona bojidan ozod qilinadi
Elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari uchun asbob-uskunalar bojxona bojidan ozod qilinadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Aholining alohida turdagi isteʼmol mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini kafolatli taʼminlashga hamda iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarini yana-da qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–269-son, 30.12.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar asosida O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan quyidagi tovarlar 2026 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi:
elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari, ularning komponentlari va servis infratuzilmasi uchun texnologik asbob-uskunalar;
pilla yigirish va ipak gazlama to‘qish dastgohlarining ehtiyot qismlari, tut daraxti urug‘i va ko‘chatlari, ipak qurtining superelita, elita va sanoat urug‘lari.
2026 yil 1 yanvardan 2031 yil 1 yanvargacha “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi va quyidagi barcha shartlarga bir vaqtning o‘zida javob beradigan soliq to‘lovchilar uchun mazkur faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi:
chiqindilarni to‘plash, olib chiqish, saralash va qayta ishlash faoliyatidan olgan daromadlari hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadining kamida 90 foizini tashkil etgan bo‘lsa;
har oyda har bir xodimga ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblangan bo‘lsa.