Elektr energiyasini hisobga olish tartibi belgilandi
Elektr energiyasini hisobga olish tartibi belgilandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hukumat qarori (749-son, 27.11.2025 y.) bilan “Elektr energiyasini hisobga olish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizom elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash, saqlash va isteʼmol qilish jarayonlarida hisobga olish tizimiga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi.
Hisobga olish tizimi quyidagi tarkibiy qismlarni o‘z ichiga oladi:
aktiv va reaktiv energiya miqdorini hisobga oladigan hisoblagich va unga qo‘shimcha ravishda o‘rnatilgan impulsni qayd etish moslamasi, vaqt manbai va batareyasi;
aniqlik sinfi va yuklamasini hisoblash aniqligiga mos bo‘lgan o‘lchov transformatorlari;
ikkilamchi zanjirlar, ulash simlari, sinov bloki yoki o‘chirib-yoqish qurilmasi, yuklama rezistorlari, hisoblagich shkafi, xavfsizlik muhrlari va qulflari.
Elektr energetikasi obyektlarini loyihalashtirish jarayonida hisobga olish tizimining umumiy nisbiy xatoligi baholanishi va uni minimallashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilishi lozim.
Shuningdek, har bir hisobga olish nuqtasi bo‘yicha avtomatik tarzda maʼlumotlar jurnalini yuritish majburiy hisoblanadi.
Ushbu jurnallar kamida 5 yil muddatda saqlanishi va axborot xavfsizligi talablariga mos ravishda arxivlanishi lozim.