Elektr energiyasi uchun 1,8 mlrd so‘mdan ortiq asossiz hisoblangan qarzdorlik qayta hisob-kitob qilish to‘g‘risida ko‘rsatma berildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Buxoro davlat universiteti va Buxoro davlat tibbiyot instituti «Xududiy elektr tarmoqlari» AJning “Energiyasavdo” filiali harakatlari bo‘yicha raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmasiga shikoyat yo‘lladi.
Olib berilgan o‘rganishlar davomida, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan 2 ta taʼlim tashkilotiga oshirilgan tarif qo‘llanilishi evaziga 1,8 mlrd so‘mdan ortiq qo‘shimcha to‘lov hisoblanganlik holatlari aniqlangan.
Yuqoridagilarga asosan, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Energiyasavdo” filialiga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha 2 ta subyektga asossiz hisoblangan 1,8 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilish, mazkur qonunbuzilishni bartaraf etish va kelgusida bu kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Maʼlum qilinishicha, maxsus komissiyaning ushbu qarori va ko‘rsatmasidan norozi bo‘lgan tomon Qo‘mitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga egadir.