Valyuta kurslari 13/06/2025
$1 – 12705.79
UZS – 0,47%
€1 – 14704.41
UZS – 1,68%
₽1 – 159.20
UZS – -1,04%
Qidirish
O‘zbekiston 22/05/2025 Eldor Aripov Termiz muloqoti doirasida yetakchi xalqaro ekspertlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi

Eldor Aripov Termiz muloqoti doirasida yetakchi xalqaro ekspertlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 21 may kuni Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov qator xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlarining yetakchi ekspertlari bilan uchrashdi.

Xususan, Finlyandiyaning Marti Axtisaari tinchlik jamg‘armasi  bo‘lim boshlig‘i Edvard Markyus, Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazining Xalqaro munosabatlar instituti direktori Shiri Shiriyev, Germaniyaning «Bergxof» jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Basir Feda, AQSHning Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti direktori Svante Kornell hamda Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo  instituti  bo‘lim boshlig‘i Chjan Nin bilan  samarali muloqotlar bo‘lib o‘tdi. 

Muzokaralar davomida ishtirokchilar Termiz muloqoti Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashda istiqbolli  platforma sifatida muhim ahamiyatga ega ekanini alohida qayd etdilar. 

 Edvard Markyusning so‘zlariga ko‘ra, mintaqaviy  bog‘liqlikni mustahkamlash xavfsizlik, barqarorlik va mustahkam iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda  misli ko‘rilmagan imkoniyatlarni ochadi. Bu, ayniqsa, Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasida yaqqol ko‘rinadi. Ularning ko‘p tomonlama hamkorlikda erishgan yutuqlari o‘z samaradorligini ko‘rsatibgina qolmay,  boshqa mintaqalar uchun  o‘zaro hamkorlik borasida namuna ham bo‘lishi mumkin. 

 «Bergxof» jamg‘armasi eksperti Basir Feda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashda O‘zbekistonning roli tobora ortib borayotganini e’tirof etib, mamlakatimizning Afg‘oniston bo‘yicha olib borayotgan tashqi siyosatiga alohida e’tibor qaratdi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Afg‘oniston kelajagi bo‘yicha strategik qarashlarni ishlab chiqdi. Bugungi kunda O‘zbekiston  mintaqada tinchlik tashabbuslarini amalga oshirish va uni iqtisodiy jihatdan rivojlantirish bo‘yicha o‘ziga xos “lokomotiv” vazifasini o‘tamoqda. Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonning mintaqadagi  integratsiya jarayonlariga izchil jalb etilishi nihoyatda muhim qadamlardan biri bo‘ldi. 

Svante Kornellning fikricha, bugun Afg‘onistonning mintaqaviy rolini qayta ko‘rib chiqish va uni xalqaro hamjamiyatga  to‘liq integratsiya qilish yo‘llarini topish har qachongidan ham muhim. Shu nuqtai nazardan, Termiz muloqoti O‘zbekistonning diplomatik yetakchiligining yorqin misolidir. — Barcha rivojlangan davlatlar bilan mustahkam va muvofiqlashgan munosabatlarni o‘rnatgan O‘zbekiston Afg‘oniston hukumati bilan konstruktiv va amaliy  hamkorlik qilishga yordam beradigan  o‘ziga xos nufuzga ega, — dedi amerikalik ekspert.

Uning fikricha, Termiz muloqoti o‘zaro hurmat va umumiy mintaqaviy  manfaatlarga asoslangan  sheriklikka namuna bo‘la oladi. 

 Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo  instituti ekspertlarining fikricha, Termiz muloqoti mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash va iqtisodiy integratsiyani rivojlantirishga  xizmat qilib,  Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Shuningdek, Termiz muloqoti infratuzilma loyihalarini amlaga oshirish va transport  yo‘laklarini shakllantirish uchun qulay sharoitlar yaratadi, bu esa Xitoyning  “Bir makon, bir yo‘l”  tashabbusiga mos keladi. 

Eslatib o‘tamiz, Markaziy va Janubiy Osiyo  o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha  Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilgan. 

Ushdu xalqaro anjuman Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Amerika,  Yaqin Sharq mamlakatlaridan 200  nafarga yaqin ishtirokchilarni bir joyga jamladi.  Ular orasida siyosiy va ishbilarmon doira vakillari,  moliyaviy institutlar, xalqaro va mintaqaviy  tashkilotlarning mutaxassislari,  jahon tahliliy va ilmiy-tadqiqot markazlarining  yetakchi ekspertlari bor.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling