Valyuta kurslari 05/06/2025
$1 – 12831.81
UZS – -0,2%
€1 – 14606.45
UZS – -0,45%
₽1 – 163.75
UZS – 0,18%
Qidirish
O‘zbekiston 05/06/2025 Eldor Aripov: O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligi ikki mintaqadagi chuqur transformatsiya jarayonlari fonida rivojlanmoqda

Eldor Aripov: O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligi ikki mintaqadagi chuqur transformatsiya jarayonlari fonida rivojlanmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bokuda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov boshchiligidagi mutaxassislar “O‘zbekiston va Ozarbayjon: o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari” mavzusiga bag‘ishlangan Ekspertlar kengashi ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Ushbu davlatdagi elchixonamiz ko‘magida SMTI hamda Ozarbayjon Xalqaro munosabatlar tahlili markazi (XMTM) bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda mezbon tomondan Raqamli rivojlanish va transport vazirligi, Muqobil va qayta tiklanuvchi energiya manbalari davlat agentligi, «STEM» tahliliy markazi, Boku davlat universiteti rahbariyati va ekspertlari ham ishtirok etdi.

Respublikamiz delegatsiyasi tarkibida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hamda “IT-Park Uzbyekistan” vakillari bor edi.

Agrosanoat kooperatsiyasi, “yashil” energetika, raqamlashtirish, transport va ta’lim sohalaridagi sheriklikning bugungi holati, munosabatlarni yanada rivojlantirish istiqboli muhokamasi kun tartibi asosini tashkil qildi.

SMTI direktori Eldor Aripov Toshkent va Boku o‘rtasidagi aloqalarning yuksak darajasini ta’kidlab, bu jarayonni “ikki do‘st, qardosh davlat hamkorligining yorqin namunasi” deb atadi.

Ekspert so‘nggi uch yilda aloqalar davlatlararo sheriklikning eng yuqori darajasiga ko‘tarilganiga e’tibor qaratdi. “Qisqa vaqt ichida erishilgan bunday sur’at xalqaro tajribada kamdan-kam uchraydigan hodisa,” - dedi institut rahbari.

Mazkur natijalar ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, qat’iyati tufayli amalga oshganiga urg‘u berildi:

– Rahbarlar o‘rtasidagi muntazam muloqot, o‘zaro shaxsiy va ishonchli munosabat barcha darajadagi aloqalarni faollashtirdi. 2017 yildan buyon turli darajadagi delegatsiyalarning 150 dan ziyod o‘zaro tashrifi amalga oshirilgani bunga yaqqol misol.

Iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanganiga alohida e’tibor qaratgan E.Aripovning ta’kidlashicha, so‘nggi 8 yil ichida o‘zaro savdo hajmi 8 barobar, qo‘shma korxonalar soni esa 5 barobar oshgan.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi yaqinlashuvning kelgusi istiqbolini tahlil qilarkan, ekspert Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazdagi transformatsiya jarayoni o‘xshashligini aytib o‘tdi:

– Ilgari Markaziy Osiyo davlatlari suv va yer masalasida hal qilinmagan ziddiyatlar tufayli “Yevrosiyo Bolqoni” deb atalgan bo‘lsa, bugungi kunda mintaqa tobora jipslashib, ichki mintaqaviy integratsiyani kuchaytirib, mintaqaviy sub’ekt maqomiga ko‘tarilmoqda. Endilikda vaziyat o‘zgarayotgan Janubiy Kavkazda ham biz mamlakatlarning uzoq vaqt davomida mintaqa taraqqiyotini to‘xtatib turgan asosiy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha faol sa’y-harakatni ko‘ryapmiz. Bunday shart-sharoit Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz sherikligi ko‘lamini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Xalqaro munosabatlar tahlili markazi boshqaruvi raisi Farid Shafiyev Ozarbayjon – O‘zbekiston birdamligini e’tirof etib, Toshkent juda qiyin davrda Bokuni tarixiy darajada qo‘llab-quvvatlaganini alohida ta’kidladi:

– O‘zbekiston eng og‘ir yillarda Ozarbayjon bilan birga bo‘ldi. Toshkent Bokuga nafaqat so‘z, balki aniq amaliy ishlar orqali ko‘maklashmoqda. Qurilib, allaqachon faoliyat yuritayotgan maktab yurtimizning ozod qilingan hududlarini tiklash yo‘lidagi sa’y-harakatni qo‘llab-quvvatlashga qo‘shilgan haqiqiy hissadir.

Mavzuni davom ettirarkan, F.Shafiyev bunday hamkorlik allaqachon ikki tomonlama doiradan chiqib ketganiga e’tibor qaratdi:

– Sherikligimiz Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazdagi jarayonlarga ta’sir ko‘rsatib, strategik ahamiyat kasb etmoqda. Bu jarayonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi siyosat muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aynan O‘zbekiston yetakchisining tashabbuslari ulkan Kaspiy mintaqasi hamkorligini harakatlantiruvchi kuch sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Ko‘p tomonlama hamkorlik mavzusiga to‘xtalarkan, XMTM rahbari davlatlarimiz xalqaro maydonda faol va izchil sheriklik qilayotganini ta’kidladi:

– O‘zaro va o‘ziga xos munosabatlarimiz jadal rivojlanmoqda. Shu nuqtai nazardan yaqinda Ozarbayjonda o‘tkazilishi kutilayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida aloqalar yanada muvofiqlashtirilishi shubhasiz.

Ekspert Markaziy Osiyodagi ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholadi:

– Bugun mintaqadagi integratsiya jarayoni yangi bosqichga ko‘tarildi. Har ikki mintaqada mavjud bo‘lgan ba’zi mojarolar o‘tmishda qoldi. Ushbu jarayonlarda O‘zbekiston rahbarining o‘rni hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.

Respublikamizning Ozarbayjondagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov ko‘p qirrali va samarali hamkorlik bugungi kunda o‘zaro manfaatlar asosida rivojlanayotgani, azaliy do‘stlik va birodarlik sheriklikni izchil chuqurlashtirish yo‘lida ishonch bilan davom etish imkonini beruvchi mustahkam poydevor ekaniga urg‘u berdi.

– Transport va logistika sohasidagi hamkorlik alohida sur’at kasb etmoqda, – deya ta’kidladi Elchi. – O‘zbekiston va Ozarbayjon buni iqtisodiy o‘sishning hal qiluvchi omili sifatida ko‘rib, keng qamrovli transport yo‘laklari tizimini yaratishga birgalikda intilish tarafdori. Shu sababli, transport aloqalarini rivojlantirish borasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish munosabatlar kun tartibida tobora muhim o‘rin egallamoqda.

Bokuga tashrifi davomida SMTI rahbariyati Nizomiy Ganjaviy xalqaro markazi ijrochi kotibi Rovshan Murodov bilan ham uchrashdi. Suhbat chog‘ida tomonlar o‘zaro hamkorlik istiqbolini muhokama qildi.

Mezbon mulozim mehmonlarni buyuk shoir Ganjaviy ijodiy merosini asrab-avaylash va targ‘ib qilish yo‘lida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi. Zero, ushbu adibning falsafasi, uyg‘unlik, adolat, inson qadr-qimmatini e’zozlashga qaratilgan g‘oyalari hozirgi davrda ham dolzarb bo‘lib, kishini chuqur mushohada yuritishga undaydi.

Muloqot davomida R.Murodov O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi o‘sib borayotgan nufuzini yuqori baholab, Toshkent mintaqaviy transformatsiya jarayoniga salmoqli hissa qo‘shayotganini e’tirof etdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling