Valyuta kurslari 13/03/2026
$1 – 12102.39
UZS – -0,27%
€1 – 13990.36
UZS – -0,55%
₽1 – 153.08
UZS – -0,21%
Qidirish
Eldor Aripov Global Boku forumida o‘zaro bog‘liqlik yangi imkoniyatlar yaratishi, imkoniyatlar esa, o‘z navbatida, Markaziy Osiyoning strategik avtonomiyasini mustahkamlashi haqida gapirdi

Eldor Aripov Global Boku forumida o‘zaro bog‘liqlik yangi imkoniyatlar yaratishi, imkoniyatlar esa, o‘z navbatida, Markaziy Osiyoning strategik avtonomiyasini mustahkamlashi haqida gapirdi

Eldor Aripov Global Boku forumida o‘zaro bog‘liqlik yangi imkoniyatlar yaratishi, imkoniyatlar esa, o‘z navbatida, Markaziy Osiyoning strategik avtonomiyasini mustahkamlashi haqida gapirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 12-14-mart kunlari Boku shahrida Nizomiy Ganjaviy nomidagi xalqaro markaz tomonidan tashkil etilgan XIII Global Boku forumi bo‘lib o‘tdi. Uning ishida 400 ga yaqin xorijiy vakillar, jumladan, sobiq va amaldagi davlat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar a’zolari, ekspertlar ishtirok etdi.

Forum "Bo‘lingan dunyoda ko‘priklar qurish" shiori ostida bo‘lib o‘tdi va xalqaro tizim transformatsiyasining asosiy tendensiyalari, ko‘p tomonlamalik inqirozi, global xavfsizlik va barqaror rivojlanish masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Tadbirning asosiy ishtirokchilari orasida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Albaniya Prezidenti B.Begay, Chernogoriya Prezidenti Ya.Milatovich, Timor-Leshti Demokratik Respublikasi Prezidenti J.R.Orta, shuningdek, BMT Bosh kotibining o‘rinbosarlari M.A.Moratinos va A.Rossbax, YUNKTAD Bosh kotibi R.Grinspan, JSST Bosh direktori T.A.Gebreyesus va boshqalar bor.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov forumning yalpi sessiyasidagi nutqi hamda Ozarbayjon OAVlariga bergan sharhlari davomida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy yuksalish bosqichida ekanligini ta’kidladi. Ikki davlat o’rtasidagi aloqalarni siyosiy ishonch, iqtisodiy pragmatizm va uzoq muddatli manfaatlarning mos kelishiga asoslangan tizimli sheriklik sifatida tavsifladi.

E.Aripov ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonchli shaxsiy munosabatlarning yuqori darajasini alohida ta’kidladi, bu esa o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam siyosiy asos yaratadi. "Ikki tomonlama kun tartibi izchil va kompleks rivojlanmoqda. O‘zbekiston-Ozarbayjon hamkorligi nafaqat savdo, sanoat, energetika kabi an’anaviy yo‘nalishlarni, balki raqamli texnologiyalar, innovatsiyalar, sanoat kooperatsiyasining zamonaviy shakllari kabi yangi sohalarni ham qamrab oladi," - dedi SMTI direktori.

"Xitoy va global boshqaruv tashabbusi" sessiyasidagi nutqi doirasida Eldor Aripov global boshqaruv tizimining inqirozi tobora chuqurlashib borayotganiga e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mavjud xalqaro mexanizmlar ko‘pincha dunyoning yetakchi davlatlari o‘rtasida kelishilgan qarorlarni ishlab chiqishni ta’minlashga qodir emas.

Shunday sharoitda, deya ta’kidladi SMTI direktori, xalqaro hamjamiyat amalda jahon tizimining kelgusi rivojlanish yo‘lini tanlash borasida jiddiy tanlov qarshisida turibdi. “Yoki ko‘p tomonlama hamkorlikning samarali mexanizmlarini tiklashga erishiladi, yoki jahon tartibi kuchlar muvozanati va strategik tiyib turish mantiqi asosida shakllanadi — bu tendensiyalarni biz bugun dunyoning ko‘plab mintaqalari misolida allaqachon kuzatmoqdamiz”, — dedi u.

Shu nuqtai nazardan, konstruktiv muloqot va murosa yo‘llarini izlash imkoniyatlarini qo‘ldan boy bermaslik ayniqsa muhimdir, deya qayd etdi Eldor Aripov.

O’zbekistonlik ekspert fikricha, Pekin tomonidan taklif etilayotgan tashabbuslar jahon tizimining kelajagi haqidagi xalqaro munozarani rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shadi. Mazkur masalalarning mazmunli muhokamasi ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha yangi yondashuvlarni ishlab chiqishga, shuningdek, hozirgi zamonning asosiy global muammolariga nisbatan muvozanatli yechimlarni topishga xizmat qilishi mumkin.

Institut direktori Xitoy jahon tartibiga shunchaki muqobil qarashni emas, balki boshqaruvning o‘zga falsafasini taklif etayotganini ta’kidladi. “Pekin universal tamoyillar haqida so‘z yuritmoqda. Unga ko‘ra, kichik davlatlarning ovozi yirik davlatlar ovozi bilan teng ahamiyat kasb etishi, xalqaro huquq esa ikki xil standartlarsiz qo‘llanilishi lozim”, — dedi u.

Bu fikrni davom ettirar ekan, Eldor Aripov Xitoyning Markaziy Osiyodagi o‘zgarib borayotgan roliga doir baholarini taqdim etdi. U so‘nggi yillarda XXR mintaqa mamlakatlarining asosiy iqtisodiy hamkoriga aylanganini ta’kidladi.

Xususan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, Xitoy bilan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo hajmi 100 milliard dollardan oshdi. Shu bilan birga, iqtisodiy hamkorlikning faollashuvi investitsiyaviy hamkorlikning barqaror o‘sishi bilan ham kechmoqda. Uning qayd etishicha, so‘nggi o‘n yil ichida mintaqa davlatlaridagi Xitoyning to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari hajmi ikki baravardan ortiqqa oshib, qariyb 40 milliard dollarga yetgan.

E.Aripov o‘zaro hamkorlikning yangi institutsional arxitekturasini shakllantirishga ham e’tibor qaratdi. Agar ilgari Xitoy bilan hamkorlik asosan Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida amalga oshirilgan bo‘lsa, bugungi kunda doimiy kotibiyatni ta’sis etgan holda "Markaziy Osiyo - Xitoy" alohida formati shakllantirildi.

Institut direktorining fikricha, Markaziy Osiyoning Xitoy bilan hamkorligining muhim yo‘nalishi infratuzilma va transport bog‘liqligini rivojlantirishdir. Misol tariqasida u Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyiha Markaziy Osiyoni Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya va undan keyin Yevropa bozorlari bilan bog‘laydigan O‘rta koridor bilan bog‘lash uchun katta salohiyatga ega.

Eldor Aripov ta’kidlaganidek, "Xitoy ishtirokida yaratilayotgan infratuzilma mintaqaning kengroq transkontinental tarmoqlarga integratsiyalashuviga yordam beradi va uni ko‘plab hamkorlar, jumladan, xalqaro investorlar, logistika operatorlari va moliya institutlari uchun ochadi."

"Bunday bog‘liqlik yangi imkoniyatlar yaratadi, imkoniyatlar esa, o‘z navbatida, strategik avtonomiyani mustahkamlaydi," - dedi Institut direktori.

Shu bilan birga, E.Aripovning ta’kidlashicha, ushbu modelning uzoq muddatli muvaffaqiyati ko‘p jihatdan loyihalarning shaffofligi, ularning boshqa xalqaro institutlar bilan muvofiqligi va milliy rivojlanish strategiyalarining hurmat qilinishiga bog‘liq.

Xulosa o‘rnida, SMTI direktori hamkorlikning tabiati va Xitoyning Markaziy Osiyodagi o‘sib borayotgan roli global boshqaruv tizimining yanada plyuralistik va o‘zaro bog‘liq bo‘lib borayotgan kengroq transformatsiyasini aks ettirishini ta’kidladi.

E.Aripov bugungi kunda Markaziy Osiyo Rossiya, Xitoy, Yevropa, Turkiya, Fors ko‘rfazi mamlakatlari va xalqaro institutlar bilan faol hamkorlik qilayotganini eslatib o‘tdi. Shu bilan birga, shakllanayotgan hamkorlik mexanizmlari raqobatga kirishmasdan, bir-birini to‘ldirishi, sheriklikning rivojlanishi esa suverenitetni mustahkamlashga yordam berishi muhim shart bo‘lib qolmoqda. "Markaziy Osiyo tajribasi bunday muvozanatga erishish mumkinligini ko‘rsatadi," - deya xulosa qildi u.

Ma’lumot uchun: Nizomiy Ganjaviy nomidagi xalqaro markaz - xalqaro munosabatlar, mintaqaviy xavfsizlik va sivilizatsiyalararo muloqot masalalariga ixtisoslashgan Ozarbayjonning yetakchi tahliliy markazi.

Ushbu platformaning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u amaldagi va sobiq davlat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar hamjamiyati vakillarini birlashtirgan ko‘p darajali formatga ega.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling