Ekspertlar Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi va barqaror rivojlanishini muhokama qildilar
Ekspertlar Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi va barqaror rivojlanishini muhokama qildilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) Pokiston Mintaqaviy tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi ko‘magida "O‘zbekiston - Pokiston: o‘zgarib borayotgan dunyoda strategik sheriklik, o‘zaro bog‘liqlik va barqaror rivojlanish" mavzusida onlayn ekspertlar konferensiyasini tashkil etdi.
Anjumanda ikki mamlakat diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, O‘zbekiston va Pokistonning yetakchi tahliliy va ta’lim markazlari rahbariyati va ekspertlari, biznes va diplomatik missiyalar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, siyosiy muloqot va mintaqaviy xavfsizlik masalalari, savdo-iqtisodiy va kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, ta’lim, kadrlar tayyorlash, raqamlashtirish va yangi texnologiyalar sohalaridagi hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ekspertlar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib, strategik sheriklik shakliga o‘tganini ta’kidladilar. Bu ko‘p jihatdan ikki davlat rahbarlarining hal qiluvchi roli va siyosiy irodasi tufayli amalga oshdi. O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari o‘rtasidagi yuksak darajadagi ishonch va konstruktiv muloqot, xavfsizlik, iqtisodiyot va mintaqaviy taraqqiyot sohalaridagi uzoq muddatli manfaatlar mushtarakligi har tomonlama amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Tadbirni ochib berar ekan SMTI direktori Eldor Aripov, O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari sifat jihatidan yangi institutsional darajaga ko‘tarilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Strategik sheriklik kengashining tashkil etilishi o‘zaro hamkorlikning tizimli va uzoq muddatli modeliga o‘tishning yorqin tasdig‘i bo‘ldi. Ushbu yondashuv Markaziy va Janubiy Osiyoning yaqinlashuvi vaqtinchalik tashabbus emas, balki umumiy strategik manfaatlardan kelib chiqadigan obyektiv zarurat ekanligi haqidagi umumiy tushunchani aks ettiradi.
SMTI direktori savdo-iqtisodiy hamkorlik dinamikasi ikki tomonlama aloqalarning o‘sib borayotgan salohiyatini tasdiqlayotganini ta’kidladi: so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 12 barobarga oshdi, hamkorlarning o‘rta muddatli maqsadi esa bu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazishdir.
SMTI direktori kelgusi ustuvor yo‘nalishlar haqida gapirar ekan, oddiy savdodan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega qo‘shma zanjirlarni shakllantirishga o‘tish, shuningdek, axborot texnologiyalari, ta’lim va kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlikni kuchaytirish muhimligini qayd etdi.
Eldor Aripov Transafg‘on koridorining strategik ahamiyatiga alohida to‘xtalib, gap shunchaki transport yo‘lagi haqida emas, balki yetkazib berish muddatlarini tubdan qisqartirish va mintaqani Yevroosiyo bog‘liqligining asosiy tuguniga aylantirishga qodir bo‘lgan geoiqtisodiy loyiha haqida ketayotganini alohida ta’kidladi.
Islomobod mintaqaviy tadqiqotlar instituti prezidenti Javhar Salim konferensiya ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, "ikki davlat rahbariyati o‘rtasidagi ishonch va konstruktiv muloqot amaliy tashabbuslar uchun mustahkam zamin yaratishini" ta’kidladi. Uning so’zlariga ko’ra, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar hamkorlikning iqtisodiyot, savdo, energetika, ta’lim va madaniyat kabi asosiy sohalarni qamrab oladi. "Biz qo‘shma ta’lim dasturlari va texnologik almashinuvni kengaytirishda ulkan salohiyat borligini ko‘rmoqdamiz," deb qo‘shimcha qildi u. Bu mintaqa uchun strategik muhim bosqich bo‘lib, bozorlarga kirishni kengaytirish va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi," - deya qo‘shimcha qildi ekspert.
O‘z navbatida, Pokistonning sobiq moliya vaziri va Investitsiyalar bo‘yicha kengash raisi Horun Sharif institutsional yechimlar hamda xususiy sektor ishtirokining ahamiyatini alohida ta’kidlab o‘tdi. U: "Savdo faqatgina haqiqiy investitsiyalar va samarali iqtisodiy mexanizmlar mavjud bo‘lgandagina barqaror bo‘ladi," degan fikrni bildirdi.
Iqtisodchi biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bozorga yo‘naltirilgan moliyaviy tuzilmalar va qo‘shma investitsiya platformalarini tashkil etishni taklif etdi. H.Rashid: "Xususiy sektorning moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi juda muhim, chunki bu integratsiya samaradorligini oshiradi," deya ta’kidladi. U shuningdek, quruqlik portlari va logistika xablarini o‘z ichiga olgan qo‘shma transport infratuzilmasini rivojlantirish zarurligini ta’kidlab, faqatgina kelishilgan yondashuvlar xarajatlarni qisqartirishi va hamkorlikni iqtisodiy jihatdan samarali qilishi mumkinligini bildirdi.
Islomoboddagi Milliy mudofaa universiteti o‘qituvchisi, general-mayor Muhammad Samrez Salik ikki mamlakatning yuqori geoiqtisodiy salohiyatini ta’kidladi. "Agar har bir davlatning kuchli tomonlari jalb qilinsa, Pokiston va O‘zbekiston mintaqa iqtisodiy integratsiyasining yadrosiga aylanishi mumkin," - deya ta’kidladi u.
General, shuningdek, transport yo‘laklarining strategik ahamiyatini qayd etdi: "Trans-Afg‘on temir yo‘li O‘zbekistondan Pokiston portlariga yuk yo‘lini 35 kundan 3-5 kungacha qisqartirishga qodir. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy afzallik bo‘lib, uni qo‘ldan boy bermaslik kerak."
Ekspert: "Biz hali foydalanilmagan katta savdo salohiyatini ko‘rmoqdamiz. Qo‘shma loyihalar va logistika tarmoqlari orqali integratsiya mintaqaning iqtisodiy landshaftini o‘zgartirishga qodir,"-deya ta’kidladi.
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi Islomobod Strategik tadqiqotlar instituti qoshidagi Afg‘oniston, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlarini o‘rganish markazi direktori Amina Xan barqaror hamkorlikning asosi sifatida inson kapitaliga investitsiya kiritishning alohida ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi. "Infratuzilma mamlakatlarni bog‘laydi, ammo aynan odamlar - ta’lim, ko‘nikmalar va texnologiyalar orqali - hamkorlikning barqarorligini ta’minlaydi," - dedi u.
Ekspert O‘zbekistonning ta’lim islohotlari va raqamli transformatsiyadagi yutuqlarini, shuningdek, Pokistonning ingliz tilidagi oliy ta’lim, tibbiyot va ilmiy-tadqiqot hamkorligidagi salohiyatini qayd etdi. «Ta’lim va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik – xavfi past va samarasi yuqori yo‘l bo‘lib, ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash va mintaqaviy integratsiyani rivojlantirishga xizmat qiladi», – deya qayd etdi u.
Ikki tomonlama darajada Amina Xan Pakistan–O‘zbekiston inson kapitali va texnologiyalar bo‘yicha muloqotini tashkil etishni taklif qildi. Bu muloqot texnik va kasb-hunar ta’limini rivojlantirishga qaratilgan. Uning ta’kidlashicha, "qo‘shma tadqiqotlar ikki tomonlama va mintaqaviy muammolarni hal qilishga yordam beradi, shuningdek, shu paytgacha yetishmagan mahalliy asoslangan yechimlarni yaratadi."
Amina Xan, shuningdek, Afg‘oniston bilan uch tomonlama hamkorlikni rivojlantirish taklifini ilgari surdi. Bu taklif, avvalo, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikka ko‘maklashuvchi turli tashabbuslarni kengaytirish maqsadini ko‘zlaydi. U misol sifatida "Termiz xalqaro savdo markazi" erkin savdo hududini keltirdi. Uning ta’kidlashicha, "bu oddiy chegara punkti emas, balki to‘laqonli iqtisodiy tizimdir. U insonlar o‘rtasidagi muloqot, ta’lim, tibbiy xizmatlar, savdo va mintaqaviy tranzit uchun yaxlit ekotizim vazifasini bajaradi".
JIDU qoshidagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Aziza Muhammedovaning qo‘shimcha qilishicha, "barqaror xavfsizliksiz rivojlanish va integratsiyaning ulkan rejalarini amalga oshirib bo‘lmaydi. Terrorizmga qarshi birgalikda kurashish, razvedka ma’lumotlarini almashish va mudofaa sohasidagi hamkorlikka endilikda iqtisodiy o‘sish va mintaqaviy integratsiyaning zarur sharti sifatida qaralmoqda. Transport va savdo loyihalari, jumladan, O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘li iqtisodiy rag‘batlarni yaratadi va beqarorlikni kamaytiradi."
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistika tadqiqotlari markazi bosh mutaxassisi Shohjahon Shixnazarov, transport va logistika sohasidagi kooperatsiyaning amaliy ahamiyatiga to‘xtalar ekan, ushbu hamkorlikning aniq natijalar berayotganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha: «2025 yil oxiriga qadar Pokiston portlari orqali yuk tashish hajmi 450 ming tonnaga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 37 foizga oshdi. Bu yetkazib berish muddatlarini qisqartiradi hamda logistika xarajatlarini kamaytiradi. Shu bilan birga, yo‘nalishlarning barqaror va samarali faoliyat yuritishi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma forumlar o‘tkazish va tajriba loyihalarni amalga oshirishni taqozo etadi. Ayniqsa, Belarus–Rossiya–Qozog‘iston–O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston multimodal koridorini rivojlantirish, shuningdek Afg‘oniston orqali yangi temir yo‘l liniyalarini barpo etish muhim ahamiyat kasb etadi».
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston-Pokiston strategik sherikligini rivojlantirish sanoat kooperatsiyasi, texnologiyalar, ta’lim, qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlari va barqaror rivojlanish bo‘yicha kelishilgan yondashuvlarga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlik modeliga o‘tishni talab qiladi.
Konferensiya yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Islomobod mintaqaviy tadqiqotlar instituti o‘rtasida strategik sheriklikni tahliliy qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma tashabbuslarni muvofiqlashtirish va siyosiy rahbariyat uchun tavsiyalar tayyorlash uchun doimiy platforma bo‘ladigan O‘zbekiston-Pokiston ekspert kengashini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.