Durdona Hakimova va uning bolalari Istanbuldagi fojiali hodisadan so‘ng Vatanga qaytarildi
Durdona Hakimova va uning bolalari Istanbuldagi fojiali hodisadan so‘ng Vatanga qaytarildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston fuqarosi Durdona Hakimova va uning ikki nafar farzandi Istanbuldagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulxonasi ko‘magida Vatanga qaytarildi. Oilani qaytarish bilan bog‘liq barcha xarajatlar konsulxona va Migratsiya masalalari agentligi tomonidan qoplandi.
Bosh konsulxonada taʼkidlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda marhumaning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi, bir tomonlama va salbiy izohlar tarqalmoqda. O‘tkazilgan tekshiruvlar Durdona Hakimova Istanbulning Fotih tumanida joylashgan Eskeri Melzeme harbiy kiyim-kechak do‘konining asoschisi bo‘lganini, faol tadbirkorlik bilan shug‘ullanganini va ko‘plab vatandoshlarga yordam ko‘rsatganini aniqladi. Uning farzandlari dizayn yo‘nalishi chuqurlashtirilgan litseyda tahsil olgan.
«Vaziyatni to‘liq o‘rganmasdan turib, hamyurtimiz haqida biryoqlama, noxolis va shaxsni kamsituvchi maʼlumotlarni tarqatish, tahqirlovchi izoh yozish qonunchilikda belgilangan javobgarlikka olib kelishini, bundan tashqari, millatimizga nisbatan xalqaro maydonda salbiy fikrlar shakllanishiga sabab bo‘lishini eslatib o‘tamiz.», — deya taʼkidladilar diplomatik vakolatxonada.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 24 yanvar kuni soat taxminan 19:40 da Istanbulning Shishli tumanida ikkilamchi xomashyo yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi mahalliy aholi vakili chiqindi konteyneridan o‘ralgan jasadni topib, bu haqda politsiyaga xabar bergan. Dastlabki ko‘rikda halok bo‘lgan shaxsning bosh qismi yo‘qligi qayd etilgan.
Bosh konsulxona, mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud-tibbiy ekspertiza markazi va prokuratura ishtirokida o‘tkazilgan qo‘shma tekshiruv ishlari natijasida marhumaning shaxsi aniqlandi. U O‘zbekiston fuqarosi Durdona Hakimova ekani maʼlum bo‘ldi.
Ushbu ish doirasida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan. Konsulxona maʼlumotiga ko‘ra, ular Turkiyani tark etib, Gruziyaga uchib ketishga urinish paytida hibsga olingan.