Dori vositalari va tibbiy jihozlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi xalqaro talablarga moslashtiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Dori vositalari va tibbiy jihozlar muomalasini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarning muomalasi quyidagicha tartibda amalga oshiriladi:
tibbiy buyum va tibbiy texnikalar tibbiy jihozlar sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi;
tibbiy jihozlar inson hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan ehtimoli yuqori xavflarni hisobga olgan holda 4 ta xavfsizlik darajasiga ko‘ra tasniflanadi;
tibbiy jihozlar klinik tadqiqotlarning ijobiy natijasi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Shuningdek, dori vositalari va tibbiy jihozlar uchun muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirishda quyidagilar talab qilinadi:
dori vositalari uchun – 2027 yil 1 yanvardan ishlab chiqaruvchining dori vositalari turiga “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMP” milliy sertifikati;
tibbiy jihozlar uchun – 2027 yil 1 iyuldan ishlab chiqaruvchining “ISO: 13485” milliy standartiga muvofiqlik sertifikati.
2026 yil 1 yanvardan:
mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasining amal qilish muddatini uzaytirish uchun “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMP” milliy sertifikatiga ega bo‘lishi talab etiladi;
dori vositalari va tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalariga ko‘ra mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarga amal qilish muddati 5 yil bo‘lgan ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasi beriladi.
Bunda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ilgari muddatsiz berilgan ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomalarining amal qilish muddati mazkur Farmon kuchga kirgan sanadan eʼtiboran 5 yil etib belgilanadi;
dori vositalari va tibbiy jihozlarni ishlab chiqarish ularning huquq egasining buyurtmasi asosida tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchilar tomonidan shartnoma orqali amalga oshirilishi mumkin;
tibbiy jihozlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati uchun litsenziya talabi bekor qilinib, ushbu faoliyat vakolatli organni xabardor qilish orqali amalga oshiriladi.