Valyuta kurslari 25/07/2025
$1 – 12653.48
UZS – -0,85%
€1 – 14871.64
UZS – -0,71%
₽1 – 159.75
UZS – -1,79%
Qidirish
Iqtisod 26/07/2025 DOMiNO Ventures O‘zbekistonda startapni rivojlantirishga 50 million dollar sarmoya kiritadi

DOMiNO Ventures O‘zbekistonda startapni rivojlantirishga 50 million dollar sarmoya kiritadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 23-iyul kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligining Kichik va oʻrta biznes rivojlanishini tahlil qilish, qoʻllab-quvvatlash va davlat siyosatini muvofiqlashtirish departamenti direktori Timur Xusanov hamda “UzVC” milliy venchur fondi bosh direktori Dilshod Xashimov ishtirokida “DOMiNO Ventures” xalqaro venchur kompaniyasi (Niderlandiya) boshqaruvchi hamkorlari Mustafo Kopuk va Yagiz Karadeniz bilan O‘zbekistonda startap ekotizimini rivojlantirish istiqbollari va xalqaro investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun: “DOMiNO Ventures” venchur kompaniyasi mintaqadagi venchur kapital bozorining eng faol ishtirokchilaridan biri hisoblanadi. Jamg‘arma Qozog‘iston, O‘zbekiston, Gruziya, Ozarbayjon kabi davlatlar, shuningdek, Yevropa va Turkiyada faoliyat yuritadi. So‘nggi besh yil ichida mintaqada jadal o‘sish kuzatildi: startaplar soni 4,5 barobarga ko‘paydi (4500 dan ortiq), venchur bitimlarning umumiy hajmi 2024-yilda 120 million dollarga yetdi.

Uchrashuvda jamg‘arma vakillari hududiy startap muhitini rivojlantirish bo‘yicha joriy tashabbus va rejalari bilan tanishtirdi. Sun’iy intellekt sohasidagi startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “BetterFuture AI Acceleration” dasturiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, jamg‘arma sarmoya kiritgan quyidagi oʻzbek startaplarining muvaffaqiyatli namunalari taqdim etildi:

“Tass Vision” – sun’iy intellektga asoslangan videotahlil tizimi;

“PointAi” – elektron tijoratni qo‘llab-quvvatlash uchun yechim;

“Datatruck” – yuk tashishda logistikani optimallashtirish platformasi.

Kompaniya keyingi 5 yil ichida mintaqaga 50 million dollarlik investitsiya kiritish rejalari, shuningdek, qiymati 100 million dollar atrofida bo‘lgan 20 dan ortiq startaplarni moliyalashtirishi alohida qiziqish uyg‘otdi.

Uchrashuvda “DOMiNO Ventures” venchur kompaniyasi va “UzVC” milliy venchur fondi hamkorligida qo‘shma dasturlarni amalga oshirishga kelishildi.

Shuningdek, belgilangan vazifalarni amalga oshirish borasida professional bilim va tajribalarni bo‘lishish bo‘yicha ham fikrlar almashildi hamda startap ekotizimini rivojlantirish maqsadida hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling