DJ taniqli ijrochilarning qo'shiqlaridan noqonuniy foydalangani uchun jarimaga tortildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Bojalar” guruhi solisti Jahongir Poziljonov, shuningdek xonandalar Doston Ergashov va Asilbek Amanulloh ijrosidagi qo‘shiqlardan muallifning ruxsatisiz foydalangan didjey qonunchilikka muvofiq jarimaga tortildi.
Navoiy viloyati Adliya boshqarmasi va “O‘zbekkonsert” davlat muassasasining Navoiy viloyati bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan monitoring tadbirlari natijasiga ko‘ra, “Bojalar” guruhi solisti Jahongir Poziljonov va xonandalar Doston Ergashov ijrosidagi “Uylanamiz”, shuningdek Asilbek Amanulloh (Negmatov) ijrosidagi “Oppoq aka” nomli qo‘shiqlar fuqaro I. Ruziyev tomonidan muallifning ruxsatisiz hamda tegishli yozma shartnoma tuzmagan holda, Navoiy viloyatining Karmana tumanida joylashgan “Registon” nomli to‘y-marosimlar markazida omma e’tiboriga havola etilgani aniqlandi.
Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177 prim 1-moddasi bilan maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sudga yuborildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tuman sudining qaroriga ko‘ra, huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 177 prim 1-moddasining birinchi qismi bilan jarima jazosi tayinlandi.
Qonunchilikka muvofiq muallif huquqbuzardan zarar qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon to‘lashini talab qilishga haqli hisoblanadi.