Diplomatlar Rossiyada Oʻzbekiston fuqarolarining huquqlarini himoya qilish masalasini muhokama qilishdi
Diplomatlar Rossiyada Oʻzbekiston fuqarolarining huquqlarini himoya qilish masalasini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 26-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida tomonlar Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir dolzarb masalalarni batafsil muhokama qildi.
Muhokamalarda O‘zbekiston tomonidan Rossiya Federatsiyasining hududlarida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Respublikasi bosh konsullari ishtirok etdi. Bu esa joylardagi amaliy ish tajribasini inobatga olgan holda ko‘tarilgan masalalarni aniq va atroflicha ko‘rib chiqish imkonini berdi. Rossiya tomonidan esa diplomatik vakolatxonaning konsullik bo‘limi rahbariyati, migratsiya masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari qatnashdi.
O‘zbekiston tomoni migratsiya tekshiruvlari va reyd tadbirlari o‘tkazilayotgan jarayonda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining – ham qonunga rioya qilayotgan, ham migratsiya qonunini buzgan fuqarolarning – huquqlari va insoniy qadr-qimmatini kamsitishning har qanday shakliga yo‘l qo‘yilmasligi prinsipial ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.
Uchrashuv tomonlarning migratsiya jarayonlarini tartibga solish, shuningdek Rossiya Federatsiyasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining qonuniy mehnat faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan pragmatik va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotni rivojlantirishga intilishini tasdiqladi.
Shuningdek, tomonlar amaliy hamkorlikni doimiy ravishda takomillashtirish va hamkorlikni mustahkamlash maqsadida muntazam konsullik maslahatlashuvlari hamda ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish zarurligini ta’kidladi.