Deputatlar Sogʻliqni saqlash vazirligining sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish boʻyicha hisobotini tingladilar
Deputatlar Sogʻliqni saqlash vazirligining sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish boʻyicha hisobotini tingladilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda Sog‘liqni saqlash vaziri A. Xudayarovning “Sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha qabul qilingan rivojlantirish dasturlarida belgilangan vazifalarning ijrosi to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, sog‘liqni saqlash sohasida tibbiy profilaktika, onalik va bolalikni muhofaza qilish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamni rivojlantirish, ixtisoslashtirilgan va shoshilinch tibbiy yordam, davlat tibbiy sug‘urtasi, raqamlashtirish va kadrlar siyosati yo‘nalishlarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘zida sohaga doir 3 ta qonun, Prezidentimizning 3 ta farmon va 2 ta qarori, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 3 ta qarori qabul qilindi. Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoni bilan 15 ta tuman va shaharda sog‘liqni saqlash tizimining xalqaro tajribaga asoslangan yangi modeli joriy etildi.
Davlat budjeti hisobidan davolanadigan kasalliklar ro‘yxati tasdiqlanib, orfan kasalliklarda dori vositalari bilan ta’minlash tartibi ishlab chiqildi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimida aholini profilaktik ko‘riklardan o‘tkazish kengaytirilib, 18-40 yoshli 12 million nafardan ziyod fuqaro profilaktikadan, 40 yoshdan katta 7 million nafar aholi yurak-qon tomir kasalliklari va qandli diabet, 800 mingdan ortig‘i sil kasalligi bo‘yicha skriningdan o‘tkazildi.
Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida 70 mingdan ortiq bemorlar ko‘rikdan o‘tkazilib, 17 mingdan ziyod jarrohlik amaliyotlari bajarilgan. Tibbiyot muassasalari amaliyotiga 242 turdagi yangi diagnostika va davolash usullari joriy etilib, markaz filiallari amaliyotiga 7 ta yangi diagnostika va 10 ta davolash usuli tatbiq etildi.
Vazirga ko‘ra, joriy yilda tez tibbiy yordam xizmati tomonidan 7 milliondan ziyod chaqiriqlar ijrosi ta’minlanib, ilk bor ixcham elektromobillar bazasida maxsus tez yordam brigadalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 1 000 ta zamonaviy avtomashina hisobiga tez tibbiy yordam avtoparki yangilangan.
Tez tibbiy yordamdagi brigadalar soni 1 648 tadan 2 865 taga yetkazilgani, dori-darmon uchun ajratilgan mablag‘lar 16 karraga oshgani natijasida chaqiruvlarga yetib borish vaqti 3 barobarga qisqardi.
Majlisda deputatlar sohada erishilayotgan yutuqlar bilan birga, hududlarda ayrim kamchiliklar kuzatilayotgani, saylovchilar bilan muloqotlar davomida fuqarolar tomonidan mazkur masalada e’tirozlar bo‘layotganini qayd etdilar. Xususan, onalik va bolalikni muhofaza qilish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini rivojlantirish, ixtisoslashtirilgan va shoshilinch tibbiy yordam, davlat tibbiy sug‘urtasi sohasida imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotgani ta’kidlandi.
Muhokamalar davomida xalq vakillari tomonidan aholining sog‘lig‘ini saqlash va birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini rivojlantirish, ixtisoslashtirilgan va shoshilinch tibbiy yordam sohasiga oid bir qator taklif va tavsiyalar berildi.
Majlisda Sog‘liqni saqlash vazirining javobi ma’lumot uchun qabul qilinib, kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.