Valyuta kurslari 03/12/2025
$1 – 11880.93
UZS – -0,12%
€1 – 13794.95
UZS – -0,23%
₽1 – 153.28
UZS – 0,2%
Qidirish
Deputatlar Oʻzbekistonning 2026-yilgi davlat byudjeti loyihasini koʻrib chiqdilar: YaIM oʻsishi 6,6%, ijtimoiy xarajatlar 55%

Deputatlar Oʻzbekistonning 2026-yilgi davlat byudjeti loyihasini koʻrib chiqdilar: YaIM oʻsishi 6,6%, ijtimoiy xarajatlar 55%

Deputatlar Oʻzbekistonning 2026-yilgi davlat byudjeti loyihasini koʻrib chiqdilar: YaIM oʻsishi 6,6%, ijtimoiy xarajatlar 55%

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishmoqda.

Majlisda qonun loyihasi yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri J. Qo‘chqorov ma’ruza qilyapti.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasida O‘zbekiston iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning real o‘sish sur’ati 2026-yilda 6,6 foizga oshib, aholi jon boshiga 4686 dollarni tashkil etishi ko‘zda tutilmoqda. O‘sish sur’atlari esa, sanoatda 6,4 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,2 foiz, bozor xizmatlarida 14,5 foiz, qurilishda 10,2 foiz bo‘lishi prognoz qilingan. Inflyatsiya darajasining ko‘rsatkichi kamayishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, 2026-yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari prognozi 515,4 trln. so‘m, xarajatlari prognozi 567,0 trln. so‘m miqdorida, konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3,0 foiz, tashqi qarzning cheklangan hajmi joriy yilga nisbatan kamayib, 5,0 mlrd. AQSH dollari miqdorida belgilash ko‘zda tutilgan.

Xalq vakillari Davlat budjeti loyihasining eng muhim jihatlari sifatida budjet loyihasi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan tamoyillarga qat’iy amal qilgan holda ishlab chiqilganini e’tirof etdilar.

Davlat budjeti loyihasida yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, makroiqtisodiy barqarorlik va inflyatsiyani jilovlash, budjet barqarorligi hamda budjet taqchilligini past darajada ushlab turish, “yashil” tamoyillarni keng joriy qilish, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash orqali ishsizlik hamda kambag‘allikni pasaytirishga qaratilgan aniq choralar belgilangani ijobiy baholandi.

Muhokamada deputatlar loyihada kelgusi yil uchun asosiy soliq va bojxona stavkalarining o‘zgarmasdan saqlanib qolinayotganligi budjet daromadlari iqtisodiy o‘sish hamda soliq bazasining kengayishi hisobiga ta’minlanishiga e’tibor qaratdilar. Shuningdek, soliq ma’murchiligini takomillashtirishga qaratilgan tizimli choralar mamlakatimiz iqtisodiyotida raqobat muhitini yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Deputatlar 2026-yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasida aholi turmush darajasini oshirish, fuqarolarning real daromadlari o‘sishini ta’minlash, ularning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish maqsadida pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorlari yillik inflyatsiya darajasidan yuqori miqdorlarda oshirib borish choralarini davom ettirilishini qo‘llab-quvvatladilar.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan ijtimoiy davlat tamoyillari asosida Davlat budjeti xarajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilgani, 2026-yil uchun davlat budjeti qonuni loyihasida ijtimoiy soha uchun ajratilayotgan mablag‘larning hajmi yil sayin ortib borayotgani xalq vakillari tomonidan ijobiy baholandi.

Loyihada keyingi yilda ijtimoiy soha uchun ajratilgan mablag‘lar 220 trln so‘mni tashkil etib, ular umumiy xarajatlarning deyarli 55 foizini tashkil qilayotgani aks etmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan islohotlarning eng ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab berilgan ta’lim sifatini oshirish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish uchun Davlat budjeti xarajatlarining 25,5 foizi miqdoridagi mablag‘lar ta’lim va fan sohasi, 12,1 foizi sog‘liqni saqlash hamda 4,2 foizi aholini ijtimoiy himoya qilish jami xarajatlari uchun ajratilishi o‘z ifodasini topgani deputatlar e’tiborida bo‘ldi.

Muhokamalarga boy bo‘lgan majlisda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi ko‘lamini kengaytirish, sun’iy intellektni rivojlantirish, mahalla institutini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni deputatlar ma’qulladilar.

Majlisda mahalliy budjetlar daromadini oshirish bo‘yicha xalq deputatlari mahalliy kengashlar vakolatlarini oshirish, tuman va shaharlar budjetlari daromadlar bazasini mustahkamlash, ularning mustaqilligini oshirishga qaratilgan aniq choralar belgilanganligi deputatlar e’tiborida bo‘ldi. Mazkur choralar hududlardagi ijtimoiy sohaga oid muammolarga tezkorlik bilan iqtisodiy yechim topishga hamda bu yo‘nalishda mavjud muammolarni bartaraf qilishga xizmat qilishi qayd etildi.

Muhokamalarda xalq vakillari budjetdan ajratilayotgan mablag‘lardan samarali, oqilona foydalanish borasida davlat organlari va tashkilotlarining mas’uliyati va javobgarligini ta’minlash maqsadida parlament va deputatlik nazoratini olib borishi lozimligini ta’kidladilar.

Majlis davomida budjet daromadlarini oshirish, soliq bazasini yanada kengaytirish, “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish, budjet mablag‘laridan foydalanishda korrupsiya omillari va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar berildi.

Majlisda siyosiy partiyalar fraksiyalarining fikrlari eshitilib, Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling