Valyuta kurslari 28/10/2025
$1 – 12053.46
UZS – -0,53%
€1 – 14026.61
UZS – -0,3%
₽1 – 152.43
UZS – 1,97%
Qidirish
Deputatlar Oʻzbekistonda qayta tiklanadigan energiyani rivojlantirish masalasini muhokama qilishdi

Deputatlar Oʻzbekistonda qayta tiklanadigan energiyani rivojlantirish masalasini muhokama qilishdi

Deputatlar Oʻzbekistonda qayta tiklanadigan energiyani rivojlantirish masalasini muhokama qilishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Deputatlar Energetika vazirining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, shu jumladan quyosh panellarini o‘rnatish borasidagi ishlar ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi parlament so‘roviga javobini ko‘rib chiqdilar.

Unda keltirilishicha, bugungi kunda mamlakatimizda umumiy quvvati 4 682 MVt bo‘lgan 12 ta quyosh, 5 ta shamol elektr stansiyasida “yashil” energiya ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, energetika tizimining barqarorligini ta’minlash maqsadida 3 ta energiya saqlash tizimi ishga tushirilgan.

Mamlakatimiz Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan vazirlik tomonidan hozirgi kunga qadar respublikamizda umumiy quvvati 1 857 MVt bo‘lgan quyosh panellari va 4 838 ming litr hajmli geliokollektorlar o‘rnatilgan.

Natijada 2 210, mln. kVt soat elektr energiyasi va 669,7 mln. kub metr gaz tejalishiga erishilgan bo‘lsa, 875 ming zararli gazlarning (SO2) havoga chiqarilishining oldi olingan.

Bugungi kunda respublikamizda umumiy quvvati 770 MVt bo‘lgan quyosh panellarini ishlab chiqaruvchi 7 ta korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada oshgan. Qolaversa, quyosh suv isitgichlari ishlab chiqarish bo‘yicha 5 ta mahalliy korxona faoliyat boshlagan.

Parlament so‘roviga kelgan javobda keltirilishicha, bir qancha xorijiy kompaniyalar tomonidan O‘zbekistonda shamol generatorlari uchun zarur butlovchi qismlar, shamol parraklari va minoralarini ishlab chiqaruvchi zavod qurish rejalashtirilgan.

Hozirgi kunda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shamol parraklarini, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida shamol elektr stansiyasi minorasini ishlab chiqaruvchi zavodlarni qurish ishlari amalga oshirilmoqda. 2030-yilga qadar O‘zbekistonda quyosh fotoelektr stansiyalarining umumiy quvvatini 9,4 GVtga yetkazish rejalashtirilgan.

Majlisda ushbu yo‘nalishda vazirlik tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilayotgani, shu bilan birga, sohada yechimini kutayotgan ayrim masalalar ham borligi qayd etildi.

Deputatlar tomonidan bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish, quyosh panellarini o‘z vaqtida o‘rnatish ishlarini jadallashtirish, nafaqat quyosh, balki “yashil energiya”ning boshqa turlari, jumladan, shamol energiyasidan samarali foydalanish maqsadida shamol generatorlari, quyosh suv isitish kollektorlarini yurtimizda ishlab chiqarish choralarini ko‘rish, yaroqsiz holga kelgan quyosh panellarining atrof-muhitga zararining oldini olish, qayta tiklanuvchi “yashil energiya”ning ahamiyati haqida aholi xabardorligini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Majlisda mazkur masala yuzasidan doimiy parlament nazorati olib borish lozimligi qayd etilib, Energetika vazirining javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling