Deputatlar elektron tijorat va raqamli xizmat ko'rsatuvchi operatorlar uchun yangi qoidalarni ma'qulladilar
Deputatlar elektron tijorat va raqamli xizmat ko'rsatuvchi operatorlar uchun yangi qoidalarni ma'qulladilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda deputatlar elektron tijorat sohasini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.
Ushbu qonun loyihasi Qonunchilik palatasining shu yil 6-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan uni yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator takliflar berilgan edi.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida elektron tijorat sohasidagi iste’molchilar muomalasiga kirib borayotgan yangi yo‘nalishlar — elektron savdo platformasi, buyurtmalar agregatori va raqamli striming xizmati hamda ularning operatorlari tushunchalari aniqlashtirildi.
Shuningdek, transchegaraviy elektron tijorat atamasiga ta’rif berilib, uning tartib taomillarini ishlab chiqish zarurligi to‘g‘risidagi qoidalar kiritildi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasida elektron tijorat bilan bog‘liq xizmat ko‘rsatish va savdo munosabatlarida iste’molchilarga tanlov qilish jarayonida shaffoflikni ta’minlash hamda ular manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator o‘zgartirishlar ham kiritildi.
Xususan, elektron tijorat operatorlariga iste’molchilar tomonidan sharhlar qoldirish imkoniyatini yaratish, ularni o‘zgartirmaslik va saqlanishini ta’minlashga oid majburiyatlar belgilandi.
Majlisda qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar iqtisodiyotdagi yashirin aylanmalar hajmini qisqartirish hamda elektron tijorat munosabatlarini takomillashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.