Deputatlar ayollar va bolalarni zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risidagi qonunni qabul qilishdi

Deputatlar ayollar va bolalarni zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risidagi qonunni qabul qilishdi

Deputatlar ayollar va bolalarni zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risidagi qonunni qabul qilishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Deputatlar ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda ayrim jinoyatlar tergovi samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qildi.

Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, ayniqsa, xotin-qizlar va bolalarni jinsiy zo‘ravonlik hamda axloqqa zid tajovuzlardan asrashga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Shu bilan birga, amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni tergov qilish jarayonida qator muammolar saqlanib qolyapti.

Xususan, ayrim hollarda jinoyatlarni fosh etish va tergov qilishda qonun normalari noto‘g‘ri qo‘llanilishi, jabrlanuvchilarning huquqlari to‘liq ta’minlanmasligi kabi salbiy holatlar uchramoqda.

Shu munosabat bilan, qonun loyihasida jinsiy erkinlikka, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlarni tergov qilish vakolatini prokuratura organlariga o‘tkazish taklif etilmoqda. Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasida prokuratura organlarining vakolatlarini kengaytirish, ularga bunday holatlarni tekshirish, dastlabki tergovni olib borish hamda jazoni ijro etish ustidan nazoratni kuchaytirish vazifalari yuklatilmoqda.

Bundan tashqari, mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan, ayniqsa, inson o‘limiga olib kelgan jinoyatlarni tergov qilish amaliyotini ham takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyat sodir etgan shaxslarning jazoni o‘tash tartibini qat’iylashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Jinoyat-ijroiya kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq, Jinoyat kodeksining 118 va 119-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslarning manzil-koloniyalarga o‘tkazilmaslikni nazarda tutuvchi tartib belgilanyapti.

Majlisda taklif etilayotgan o‘zgartirishlar ayollar va bolalarning huquqlari yanada ishonchli himoya qilinishiga, jinsiy zo‘ravonlik holatlarini fosh etish va bu turdagi jinoyatlarni tergov qilish sifati oshishiga hamda jazoning muqarrarligi ta’minlanishiga, shuningdek mazkur jarayonda qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan qat’iy prokuror nazorati o‘rnatilishiga xizmat qilishi qayd etildi.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling