Deputat: Biznes eʼtirozlarini islohotlar uchun signal sifatida qabul qilish kerak
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda qurilish sohasi hali-hanuz korrupsiyaviy xatarlardan xoli emas, dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tadbirkorlik, raqobat va sanoat masalalari qo‘mitasi raisi, “Yuksalish” harakati rahbari Bobur Bekmurodov.
Bekmurodov Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan sohada yirik pora holatlari haqida ariza bergan tadbirkor Usmonjon Abdusamatovni javobgarlikka tortish haqidagi bildiruvini sharhladi.
Uning aytishicha, vazirlik mavjud jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan to‘liq foydalanmayapti. Xususan, vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi tarkibiga atigi ikkita nodavlat notijorat tashkiloti kiritilgan, holbuki prezident farmoniga ko‘ra ularning ulushi kamida 50 foiz bo‘lishi lozim.
Bekmurodovning taʼkidlashicha, Kengash faoliyati orqali sohadagi asosiy muammolarni muntazam kuzatib borish va tahlil qilish, tadbirkorlar hamda jamiyat bilan aloqani saqlab turish mumkin bo‘lar edi.
«Tadbirkorning eʼtirozlarini sohani tanqid qilish sifatida emas, balki mavjud muammolarga baho berish sifatida qabul qilish kerak», — dedi deputat. Uning qo‘shimcha qilishicha, har qanday konstruktiv tanqiddan keyin ruxsatnoma berish jarayonlarini shaffoflashtirish va jamoatchilik ishtirokini kengaytirish bo‘yicha aniq qadamlar qo‘yilishi lozim.
Uning fikricha, bu holatda eng maqbul yechim vazirlik vakillari bilan tadbirkorlarning uchrashuvini tashkil etish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni muhokama qilish bo‘lar edi.