Delta Global Dynamics “Trest-12” kompaniyasining 51,12% davlat ulushini sotib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Delta Global Dynamics qurilish kompaniyasi “Trest-12”ning 51,12% davlat ulushini sotib olish bo‘yicha tender g‘olibi bo‘ldi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi maʼlumotiga ko‘ra, tanlovning dastlabki bosqichida to‘rtta daʼvogar qiziqish bildirgan, ulardan uchtasi keyingi bosqichga o‘tkazilgan.
Belgilangan muddatda ikkita majburiy taklif kelib tushgan va ularni ko‘rib chiqish natijasida Delta Global Dynamics‘ning taklifi eng yaxshisi deb topilgan.
Kompaniya davlat ulushi uchun 111 milliard so‘m taklif etgan. Bu summa konsultant tomonidan hisoblangan indikativ diapazonning yuqori chegarasiga yaqin va aktivning baholangan qiymatiga mos keladi.
Shartnoma shartiga ko‘ra, xaridor ikki yil davomida mavjud ish o‘rinlarini saqlab qolish, ish haqi fondini barqaror ushlab turish va jamoaviy shartnoma shartlarini yomonlashtirmaslik majburiyatini olgan.
Bu bitim Davlat xususiylashtirish komissiyasi tomonidan maʼqullangan.
“Trest-12” AJ — O‘zbekistondagi yirik qurilish-montaj tashkilotlaridan biri bo‘lib, yuridik va jismoniy shaxslarga to‘liq qurilish xizmatlarini taqdim etadi.
Kompaniya amalga oshirgan loyihalar orasida:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi binosi
Milliy kutubxona
Hyatt Regency mehmonxonasi
GM Powertrain zavodi va boshqa muhim inshootlar bor.