Davlat xizmatini takomillashtirish to'g'risidagi qonun loyihasi birinchi o'qishda qabul qilindi
Davlat xizmatini takomillashtirish to'g'risidagi qonun loyihasi birinchi o'qishda qabul qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tuzilmasi hamda davlat fuqarolik xizmati tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.
Qonun loyihasida qator muhim normalar nazarda tutilmoqda. Xususan, bojxona, ichki ishlar, prokuratura, Milliy gvardiya xodimlari va sudyalar Administratsiya rahbari farmoyishi bilan tayinlanadigan lavozimga o‘tganda ushbu organlar kadrlar zaxirasiga kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, davlat xizmatiga ilk bor qabul qilingan xodimlar bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuzilishi, “Davlat xizmatiga kirish” maxsus kurslarini va malaka oshirish kurslarini o‘tashi hamda inson resurslarini boshqarishga oid ma’lumotlar va hujjatlar faqatgina “hrm.argos.uz” platformasida shakllantirilishi belgilanmoqda.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyati, amaliy zarurati va ayrim normalarning mazmun-mohiyati yuzasidan qonun tashabbuskorlariga savollar berdilar. Loyihani yanada takomillashtirish, uni qonuniy va huquqiy jihatdan mukammal holatga keltirish bo‘yicha bir qator fikr-mulohazalar bildirildi. Mutasaddilar tomonidan deputatlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar samaradorligini yanada oshirishga, davlat fuqarolik xizmatida ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirishga, sud, prokuratura, Milliy gvardiya, ichki ishlar va bojxona organlari xodimlari uchun munosib mehnat sharoiti yaratishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.