Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligi oshiriladi
Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligi oshiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–243-son, 06.12.2025 y.) qabul qilindi.
Boshqaruv samaradorligi agentligi (Agentlik) Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi negizida tashkil etilgan.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomidagi 33 ta tuman (shahar) hokimliklarida tajriba-sinov tariqasida quyidagilarni nazarda tutuvchi natijaga asoslangan boshqaruv tizimi joriy etiladi:
davlat organlari faoliyatining maqsadli ko‘rsatkichlari va indikatorlari ularga qo‘yilgan vazifalar asosida Agentlik tomonidan shakllantiriladi hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;
Agentlik: natijaga asoslangan boshqaruv modelini ishlab chiqadi hamda uning joriy etilishini uslubiy jihatdan muvofiqlashtiradi;
maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilganligini “samaradorlik.gov.uz” elektron platformasi orqali baholashni tashkil etadi;
tegishli vazifalarni bajarish va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishda kadrlar salohiyatini rivojlantirishga ko‘maklashadi;
davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallash uchun tanlovlarda zamonaviy yondashuv, zarur hollarda, qo‘shimcha bosqichlarni joriy etadi.
Farmonga ko‘ra, davlat organlarining vazifa va funksiyalari quyidagi 5 ta darajaga ajratiladi:
konstitutsiyaviy va milliy daraja;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari darajasi;
hududiy daraja;
tuman (shahar) darajasi;
mahalla (qishloq, ovul) fuqarolar yig‘ini darajasi.
2026 yil 1 yanvardan “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomidagi 33 ta tuman (shahar)da faoliyat yurituvchi davlat organlarida kadrlar rotatsiyasi tizimi joriy etiladi. Bunda:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuman (shahar) bo‘linma rahbari hamda tuman (shahar) hokimi va uning o‘rinbosarlari har 5 yilda, qoida tariqasida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri doirasida boshqa tuman (shahar)ga rotatsiya qilinadi;
rotatsiya qilinadigan rahbarlar Agentlikning “hrm.gov.uz” elektron platformasi orqali aniqlanadi;
rahbar yangi hududga o‘tishdan oldin hududning iqtisodiy va ijtimoiy holati bo‘yicha intensiv kursda o‘qitiladi;
rotatsiya qilingan rahbar faoliyati Agentlik tomonidan elektron platforma orqali onlayn tarzda monitoring qilinadi.
Xodimlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasi diagnostikadan o‘tkaziladi
Farmonga ko‘ra, davlat organlarida xodimlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini diagnostikadan o‘tkazish tizimi joriy etiladi.
Unga ko‘ra, quyidagilar diagnostikadan o‘tkaziladi:
2026 yil 1 yanvardan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining rahbar va masʼul xodimlari hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar;
2026 yil 1 iyundan sohalar nazoratiga masʼul inspeksiyalarda korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “yuqori” va “o‘rta” bo‘lgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar;
2027 yil 1 yanvardan boshqa davlat organlarida korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “yuqori” va “o‘rta” bo‘lgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar va ushbu lavozimlarga nomzodlar.
Diagnostika Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining buyurtmasiga muvofiq Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan o‘tkaziladi.
Diagnostika natijasiga ko‘ra xodimning korrupsiyaga barqarorlik darajasi “past” deb baholanishi mazkur lavozimda mehnat munosabatlarni davom ettirishiga monelik qiluvchi holat hisoblanadi.
Bunda xodim korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “past” bo‘lgan boshqa lavozimga majburiy ravishda rotatsiya qilinadi.
davlat organlarida bo‘sh bo‘lgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallashda yangicha tizim joriy etiladi.
Unga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan: davlat fuqarolik xizmatida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar “vacancy.gov.uz” elektron platformasida eʼlon qilinadi;
fuqarolarga o‘zlariga maʼqul keladigan mutaxassislik, lavozim va ish haqiga oid talablarni belgilagan holda “vacancy.gov.uz” elektron platformasida “ish qidiruvchi” maqomida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi;
“vacancy.gov.uz” elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tgan va davlat fuqarolik xizmatiga kirish bo‘yicha test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolar ushbu platformada mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga daʼvogarlik qilishi mumkin bo‘ladi. Bunda:
fuqarolarga test sinovlarini shaxsni tasdiqlash
va sinovlarni nazorat qilishning maxsus onlayn tizimi orqali yoki Agentlikning maxsus jihozlangan xonalarida topshirish imkoniyati yaratiladi;
test natijalari 1 yilgacha amal qiladi;
tanlovning qo‘shimcha bosqichi sifatida o‘tkaziladigan sohaviy bilimlarni baholash bo‘yicha test sinovlari davlat organlarining buyurtmalariga muvofiq Agentlik huzuridagi Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan shartnoma asosida o‘tkaziladi.
davlat organlarida kadrlar zaxirasini yuritish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartib joriy etiladi:
davlat organlari tomonidan:
Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan lavozimlar uchun nomzodlar ro‘yxati mustaqil shakllantiriladi;
saralashdan o‘tgan nomzodlar tarafidan shaxsiy rivojlanish rejasining bajarilishi “zaxira.bsa.uz” elektron platformasi orqali monitoring qilinadi;
Salohiyatli kadrlar zaxirasiga nomzodlar mahallada faoliyat ko‘rsatayotgan mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim va soliq inspektorlari orasidan tuman (shahar) hokimlarining xulosasi asosida ishchi guruh tomonidan saralanadi;
Agentlik tomonidan: davlat fuqarolik xizmatining boshqaruv va siyosiy lavozim guruhlariga zaxira mustaqil ravishda shakllantiriladi;
davlat organlarida samarali xizmat qilayotgan, biroq rahbarlari tomonidan tavsiya etilmagan nomzodlarni mustaqil aniqlash hamda baholash orqali ular Milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi.