Valyuta kurslari 11/02/2026
$1 – 12309.99
UZS – -0,08%
€1 – 14666.12
UZS – 0,35%
₽1 – 159.64
UZS – 0,18%
Qidirish
Davlat va huquq institutiga inson huquqlari va Xitoy madaniyatiga oid adabiyotlar beg‘araz ravishda topshirildi

Davlat va huquq institutiga inson huquqlari va Xitoy madaniyatiga oid adabiyotlar beg‘araz ravishda topshirildi

Davlat va huquq institutiga inson huquqlari va Xitoy madaniyatiga oid adabiyotlar beg‘araz ravishda topshirildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 10 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq institutida muhim maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi Inson huquqlari uyiga beg‘araz taqdim etgan adabiyotlarning bir qismi Davlat va huquq institutiga topshirildi.

Institut fondiga, xususan, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning asarlari, inson huquqlari sohasiga oid nashrlar, shuningdek, Xitoy madaniyati va adabiyotiga bag‘ishlangan jami 28 nomdagi 56 ta kitob hamda 6 ta elektron disk (e-book) taqdim etildi.

So‘zga chiqqanlar ayni maʼrifiy tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 15 yanvarda qabul qilingan “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosiga hamohang ekanini taʼkidladilar.

Mazkur adabiyotlar Davlat va huquq instituti ilmiy xodimlari, tadqiqotchilari hamda yosh olimlar uchun xalqaro tajribani chuqur o‘rganish, inson huquqlari sohasidagi zamonaviy yondashuvlarni tahlil qilish hamda ilmiy izlanishlarni boyitishda muhim manba bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov ushbu adabiyotlarning ilmiy-amaliy ahamiyati, inson huquqlari sohasidagi xalqaro tajribani o‘rganish, shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlash borasidagi o‘rnini alohida qayd etdi. XXRning O‘zbekistondagi elchixonasiga va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga ushbu qimmatli adabiyotlar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy-maʼrifiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi.

 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling