“Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi Qonun rad etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Muhokama chog‘ida ushbu Qonun aholining ijtimoiy himoyasini yana-da kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgani taʼkidlandi. Unda davlat ijtimoiy sug‘urtasining amal qilishi, sug‘urta hodisasi, sug‘urtalangan shaxsning, sug‘urtalovchining, sug‘urta qildiruvchining huquq va majburiyatlari mustahkamlangan.
Qonunda davlat ijtimoiy sug‘urtasi mablag‘lari manbalari, sug‘urta badali stavkasi, sug‘urta badallarini to‘lovchilar, davlat ijtimoiy sug‘urtasi moliyaviy barqarorligining davlat kafolatlari, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni tayinlash va amalga oshirish kabi qator masalalar nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, senatorlar tomonidan ushbu Qonunning ayrim normalarini qayta ko‘rib chiqish va qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirish lozimligiga eʼtibor qaratildi.
Xususan, Qonunda vakolatli organning vakolatlari va vazifalari ochib berilmagan.
Shuningdek, senatorlar tomonidan Qonunda o‘ndan ortiq havolaki normalar mavjudligiga urg‘u berildi. Bu esa Qonunning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishiga salbiy taʼsir ko‘rsatishiga olib kelishi qayd etildi.
Bundan tashqari, Qonun qabul qilinishi natijasida amaldagi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish masalasi Qonunda nazarda tutilmagan.
Senatorlar ushbu kamchiliklar bartaraf etilishi lozimligi xususida o‘zlarining takliflarini bildirdi.
Muhokama natijalari bo‘yicha Qonun senatorlar tomonidan rad etildi.