Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi belgilandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hukumat qarori bilan “Davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, tibbiyot tashkilotlarida yo‘llanma asosida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam quyidagilarga ko‘rsatiladi:
tuman (shahar) va hududiy darajalarda – aholining barcha toifalariga;
respublika darajasida – imtiyozli bemorlarga.
Davlat byudjeti hisobidan tibbiy yordam olish uchun bemorlar o‘zi biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasiga murojaat qiladi.
Biriktirilgan oilaviy shifokor tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi hamda tor soha mutaxassisi ko‘rigiga yo‘naltiriladi.
Tor soha mutaxassisi tomonidan bemorlar 1 ish kunida amaldagi klinik protokollar hamda tashxislash va davolash standartlariga muvofiq tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Bemorlarga statsionar sharoitda tibbiy yordam olishga ko‘rsatma bo‘lganda, tor soha mutaxassisi yoki oilaviy shifokor tomonidan tuman (shahar) darajasidagi tibbiyot muassasasida rejali statsionar tibbiy yordam olish uchun axborot tizimi orqali yo‘llanma beriladi.
Bemor maʼlumotlari respublika darajasidagi yo‘nalish bo‘yicha tibbiy-tanlov komissiyalari tomonidan o‘rganiladi va natijasi bo‘yicha 2 ish kunida elektron axborot tizimi orqali xulosa beriladi.