Davlat bojxona qoʻmitasi 300 ga yaqin tarixiy ashyolarni Islom sivilizatsiyasi markazi fondiga oʻtkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi "Sariosiyo" chegara bojxona posti xodimlari tomonidan respublikamiz hududidan 267 dona qadimiy tangalar va taqinchoqlar qismlarini noqonuniy yo‘llar bilan olib chiqishga urinish fosh qilingan edi.
Ushbu ashyolarning qadimiyligi va qiymatini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan badiiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 39 dona osma bezak ko‘rinishidagi kumush tangalar XIX asrda Buxoro amirligida zarb qilingan, 228 ta taqinchoq qismlari esa XIX asr oxiri va XX asr boshlariga mansub deb topildi.
Sudning tegishli qaroriga binoan davlat egaligiga o‘tkazilgan tarixiy buyumlar Bojxona qo‘mitasi Raisining tashabbusi bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirildi.
Shu munosabat bilan Bojxona qo‘mitasi Raisi Akmaljon Mavlonov va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov ishtirokida tarixiy-madaniy boyliklarni topshirish-qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda bojxona organlari tomonidan elimizning noyob tarixiy va madaniy boyliklarini asrab-avaylash yo‘nalishida keng ko‘lamdagi chora-tadbirlar muntazam davom ettirilayotganligi ta’kidlandi.
Marosim ishtirokchilari tarixiy-madaniy merosni muhofaza qilishda bojxona organlarining muhim o‘rni borligini ta’kidladilar. Milliy merosning noyob va nodir obyektlarini noqonuniy olib chiqib ketishga qarshi kurashish bojxona xizmatining ustuvor vazifasi ekanligi va har bir xodimdan yuksak mas’uliyat talab etishi alohida ta’kidlandi.