Davlat aktivlari agentligi direktori Turkiyaning Oʻzbekistondagi elchisi bilan muzokaralar oʻtkazdi
Davlat aktivlari agentligi direktori Turkiyaning Oʻzbekistondagi elchisi bilan muzokaralar oʻtkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 4-mart sanasida Davlat aktivlari agentligi direktori Turkiya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Ufuk Ulutash bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Uchrashuv davomida tomonlar Oʻzbekiston–Turkiya munosabatlari oliy darajadagi ishonch va strategik sheriklik ruhida izchil rivojlanayotganini alohida taʼkidlab, keyingi yillarda amalga oshirilgan tizimli islohotlar ikki davlat oʻrtasidagi investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy aloqalarni mutlaqo yangi bosqichga koʻtarganini qayd etdi.
Shu bilan birga, turk ishbilarmon doiralarining Oʻzbekistondagi xususiylashtirish jarayonlarida ishtirokini yanada kengaytirishga qaratilgan aniq takliflar ilgari surildi. Xususan, Elchixonaning amaliy koʻmagida davlat aktivlari boʻyicha tayyorlangan investitsiya takliflarini Turkiyaning yetakchi xoldinglari, tarmoq assotsiatsiyalari va yirik sanoat guruhlariga maqsadli yetkazish mexanizmini yoʻlga qoʻyish, shuningdek Anqara yoki Istanbul shaharlarida keng qamrovli investitsiya “Roadshow” tadbirini tashkil etish taklifi turk tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Tomonlar bu yilgi Toshkent xalqaro invest forumi doirasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va Turkiya sarmoyadorlarini Oʻzbekistondagi xususiylashtirish jarayonlariga keng jalb qilish masalalarini ham muhokama qildi. Forum doirasida investitsiya uchun jozibador boʻlgan davlat aktivlarining taqdimoti, sohaviy panel sessiyalar, shuningdek B2G va B2B formatlarida uchrashuvlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuv ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish va aniq investitsiya loyihalari orqali oʻzaro manfaatli sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish yoʻlida muhim qadam sifatida eʼtirof etildi.