Dang‘arada zamonaviy elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda
Dang‘arada zamonaviy elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov hamda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Dang‘ara tumanida bo‘lib, elektrotexnika sanoatida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif doirasida G‘umoyli MFYda “Yuniks tech” MChJ tomonidan ishga tushirilgan loyiha faoliyati o‘rganildi. Mazkur loyiha doirasida $ 10 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunda loyihaning birinchi bosqichi yakunlanib, 5 turdagi elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Korxonada “Elgrid” brendi ostida 32–65 dyuymli yuqori sifatli aqlli televizorlar ishlab chiqarilmoqda. Yillik ishlab chiqarish quvvati 100 ming dona bo‘lib, ayni paytda 50 nafar xodim doimiy ish bilan ta’minlangan. Tayyor mahsulotlar ichki bozorga yetkazib berilmoqda, kelgusida eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Korxona rahbari Rahimjon Abdullayev amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar yuzasidan ma’lumot berdi. Uchrashuv davomida viloyat hokimi va “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi loyiha faoliyatini yuqori baholab, ishlab chiqarish quvvatlarini to‘liq ishga tushirish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish va eksport hajmini oshirish muhimligini ta’kidladilar.