“Dal Engineering Group” kompaniyasi “Angren” erkin iqtisodiy zonasida sendvich-panel ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 14-oktabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Turkiyaning Dal Engineering Group kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Jevdet Dal boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Dal Engineering Group kompaniyasi 1985-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bosh ofisi Istanbul shahrida joylashgan. Kompaniya aktivlari qariyb 1 milliard AQSh dollariga teng, xodimlar soni esa 500 nafarni tashkil etadi.
O‘zbekistonda kompaniya ikki yirik loyihani amalga oshirmoqda: yiliga 70 ming tonna quvvatga ega, qiymati 10 million dollar bo‘lgan 500 va 600 markali oq tsement ishlab chiqarish loyihasi (110 ish o‘rni yaratilgan), shuningdek, yiliga 12 ming tonna metall konstruktsiyalar ishlab chiqarish loyihasi (qiymati 15,8 million dollar, 370 nafar xodim ishlaydi).
Uchrashuv davomida import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investorlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish va kompaniya faoliyatidagi dolzarb masalalarni hal etish masalalari muhokama qilindi.
Ayniqsa, “Angren” erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilayotgan loyihaning ikkinchi bosqichi - sendvich-panellar ishlab chiqarishni tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish va yangi investitsiya tashabbuslarini ilgari surish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar.