COSCO Logistics kompaniyasi O‘zbekistonda logistika markazini tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 24-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov COSCO Shipping Logistics & Supply Chain Management kompaniyasi boshqaruvi raisi Tsi Xaydun boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
COSCO Shipping Logistics & Supply Chain Management (COSCO Logistics) – dunyo bo‘ylab keng ko‘lamli logistika xizmatlari va ta’minot zanjirlarini boshqarishni taqdim etuvchi, COSCO Shipping Group tarkibiga kiruvchi xalqaro kompaniya.
Muzokaralar davomida o‘zbek tomoni mamlakatda yaratilgan qulay investitsiya muhiti, soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
Tomonlar hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, moliyaviy aloqalar hamda O‘zbekistonda zamonaviy COSCO logistika markazini barpo etish rejalarini muhokama qildilar.
Delegatsiya olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berib, kompaniyaning respublikadagi vakolatxonasini ochishga qiziqish bildirdi.