Valyuta kurslari 25/07/2025
$1 – 12653.48
UZS – -0,85%
€1 – 14871.64
UZS – -0,71%
₽1 – 159.75
UZS – -1,79%
Qidirish
Moliya 26/07/2025 Citigroup O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini rasman ochdi

Citigroup O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini rasman ochdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Citigroup moliya korporatsiyasi O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini rasman ochganini maʼlum qildi. Bu haqda kompaniya LinkedIn platformasida xabar berdi.

Kompaniya vakili Grant Karsonning taʼkidlashicha, Citigroup so‘nggi yigirma yildan ziyod vaqt davomida O‘zbekistondagi mijozlariga qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatib kelgan bo‘lsa-da, bugungi kunda mamlakatda kuzatilayotgan iqtisodiy o‘sish va davom etayotgan islohotlar mahalliy bozorda o‘z ishtirokini kengaytirish uchun qulay sharoit yaratdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, vakolatxona ochilishi kompaniya faoliyatida yangi sahifani ochadi, mijozlar va hamkorlarga yana-da yaqin bo‘lish, ularning jahon bozorlariga chiqishini qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.

Karson, shuningdek, hukumat va mahalliy mijozlar vakillari bilan uchrashuvlar chog‘ida guvoh bo‘lgan energiya, istiqbol va salohiyatdan katta taassurot olganini bildirdi va Citigroup kompaniyasi O‘zbekistondagi milliy va xalqaro mijozlarning yangi loyihalarni amalga oshirishlarida qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini taʼkidladi.

Avvalroq, joriy yilning 10 iyulida O‘zbekiston Markaziy banki Citigroup‘ning Turkiyadagi filiali — CitiBank AS kompaniyasining vakolatxonasini rasman akkreditatsiya qilgan edi.

Ushbu litsenziya uch yil muddatga berilib, 2028 yil 9 iyulgacha amal qiladi. Vakolatxona rahbari etib Abbos Jo‘raboyev tayinlangan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling