Chustda zamonaviy chiqindilarni qayta ishlash va energiya ishlab chiqarish zavodi qurilmoqda
Chustda zamonaviy chiqindilarni qayta ishlash va energiya ishlab chiqarish zavodi qurilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Chust tumanida amalga oshirilayotgan "Chiqindini yoqish orqali elektr energiya ishlab chiqarish" loyihasi joriy yilning muhim obyektlaridan biri hisoblanadi.
“Zarafshon” MFY hududidan ekosanoat zonasini tashkil etish uchun tanlab olingan 15 gektar yer maydonining 10 gektarida “Everbright Environmental Energy Namangan” MCHJ XK tomonidan xitoylik investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan mazkur loyiha qiymati 150 mln. dollarni tashkil etadi.
Bugun Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov ushbu manzilda bo‘lib, qurilish jarayonlarining borishi bilan yaqindan tanishdi. Xorijiy investorlar bilan suhbatlashib, muammolarini o‘rgandi, ularni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
Xitoylik hamkorlar bilan qurilish jarayonini tezlatish va yil oxiriga qadar loyihani to‘liq ishga tushirish yuzasidan kelishib olindi.
Loyiha ishga tushishi hisobiga 547,5 ming tonna chiqindi qayta ishlanadi, 310 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, shundan 254 mln kVt·soati tarmoqqa uzatiladi. Bu, qariyib 300 ming aholining yillik elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qoplaydi. Eng asosiysi, yangi loyiha natijasida 180 nafar yurtdoshlarimizning doimiy bandligi taʼminlanadi.