Chust tumanida soliq xodimiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Chust tumanida soliq xodimiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Chust tumanida soliq inspeksiyasi xodimiga nisbatan korrupsion harakatlarda gumon qilinib jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Namangan viloyati Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan qo‘shma operatsiya doirasida Chust tumanida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan ayol qo‘lga olindi.
Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi savdo sohasida faoliyat yurituvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat buxgalterining ishonchidan foydalanib, 20 million so‘m evaziga tizimda ishlovchi tanishlari orqali korxonaning 376,6 million so‘mlik soliq qarzdorligini bartaraf etishga urinishgan. U pulni olayotgan vaqtda jinoyat dalillari bilan qo‘lga olingan.
Dastlabki tekshiruvlar davomida noqonuniy sxemada Chust tumani soliq inspeksiyasining bosh inspektori ham ishtirok etgani aniqlangan.
Ayni paytda gumonlanuvchilarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, barcha holatlar va aloqador shaxslarni aniqlash maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda.