Chimboy Zagara-nonga geografik ko'rsatkich maqomi berildi
Chimboy Zagara-nonga geografik ko'rsatkich maqomi berildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiga xos bo‘lgan “Chimboy zog‘ora noni” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Yozma va tarixiy manbalar, tarixiy-etnografik va arxeologik materiallarida tasdiqlanganidek, qoraqalpoqlar ilgaridan dehqonchilik bilan shug‘ullanishgan, shu sababdan ularning asosiy taomlari donli o‘simliklardan (bug‘doy, tariq, jugari, guruch) iborat.
Don daraxtdan yasalgan kelilarda kelisop yordamida maydalanilgan va qo‘l tegirmonlarida un qilingan. Ilgari paytlarda zog‘ora noni tariq, bug‘doy, jugari unlari qorishmasiga sabzi yoki oshqovoq qo‘shib tayyorlangan.
Hozirgi kunda jugari o‘simligi Qoraqalpog‘iston Respublikasining aynan Chimboy tumani hududida katta maydonlarda ekiladi hamda zog‘ora nonini tayyorlash keng tarqalgan.
Chimboy zog‘ora nonini tayyorlashda quyidagi asosiy masalliqlardan foydalaniladi: tegirmonda tortilgan jugari uni, bug‘doy uni, sabzi yoki oshqovoq, tuz, yog‘, suvdan iborat.
Geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi “Chimboy zog‘ora noni” mahsulotining nomi va an’anaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy himoya qiladi, sifat standartlarini mustahkamlaydi hamda Qoraqalpog‘istonning hududiy gastronomik brendini targ‘ib etish imkonini kengaytiradi.
Ma’lumot uchun: Geografik ko‘rsatkich — mahsulotning ma’lum bir hududga mansubligini, uning sifati va obro‘si aynan shu yerning tabiiy-iqlimiy hamda ijtimoiy-madaniy omillariga bog‘liqligini tasdiqlovchi intellektual mulk obyektidir.